Oliy Majlis Senati yalpi majlisida «Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan hisobotlarni davlat organlariga taqdim etish jarayonlari soddalashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241.10-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi.
«Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida tadbirkor tomonidan davlat organlariga taqdim etadigan hisobot va statistik ma’lumotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlanib, unga kiritilmagan hisobotlarni tadbirkorlik sub’yektlaridan talab qilish taqiqlangan edi.
Shu bois majlisda muhokama qilingan qonun tadbirkorlar tomonidan hisobotlarni davlat organlariga taqdim etish jarayonlari soddalashtirilishi munosabati bilan hisobotlarni qabul qiluvchi organlarning javobgarlik choralarini kuchaytirmoqda.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistika ma’lumotlarining yagona ro‘yxatiga kiritilmagan hisobotlarni tadbirkorlik sub’yektlaridan talab qilib olganlik uchun javobgarlik (jarima jazosi) belgilanmoqda.
Ta’kidlanishicha, muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.