“Super kontrakt” tartibi barcha OTMlarni chalkashtiryapti. Nega komissiya qarori e’lon qilinmaydi?

O‘zbekiston 14:51 / 21.09.2024 14395

O‘qishga qabul qilinganlar birinchi yo‘nalishda faqat katta miqdordagi “super kontrakt” bilan o‘qishi mumkin. Bunda ularning qabul chizig‘iga necha ball yetmay qolganining ahamiyati yo‘q. Tartib qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlangan. Bundan oliygohlarning ham, talabalarning ham xabari bo‘lmagan.

Qo‘shimcha kontrakt va super kontrakt farqi bormi?

Tushunarli bo‘lishi uchun maqolada shartli ravishda qabul chizig‘iga 4,05 ball yetmay qolganlar to‘laydigani qo‘shimcha kontrakt deyiladi. To‘plagan balli 56,7dan yuqorilarni esa super yoki tabaqalashtirilgan kontrakt deymiz. Xo‘sh, bularning farqi qanday?

Qo‘shimcha kontraktchilar to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga:

  • 1,05 ballgacha yetmasa — 1,5 barobar;
  • 1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmasa — 2,0 barobar;
  • 2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmasa — 2,5 barobar;
  • 3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmasa — 3,0 barobar bazaviy kontraktga qo‘shimcha pul to‘lab o‘qiydi.

Balli 56,7 dan yuqori bo‘lgan super kontraktchilar esa bazaviy to‘lov kontrakt miqdoridan 6-19 barobarigacha ko‘p kontrakt to‘lab o‘qishi mumkin. Buni ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi yangi o‘quv yili uchun tasdiqladi.

Qo‘shimcha kontraktda kimlar o‘qishi mumkin?

O‘qishga topshirib, kirolmaganlar. Ya’ni balli qabul chizig‘iga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyent o‘zi tanlagan 5 yo‘nalishning birida qo‘shimcha kontrakt to‘lab o‘qishi mumkin. Bu imkoniyat o‘qishga kirganlarga berilmaydi. Shuni eslatish kerak, o‘tgan yili o‘qishga kirgan talaba ham birinchi yo‘nalishida qo‘shimcha kontraktda o‘qishi mumkin edi. Nega tartib 1 yil ichida o‘zgardi degan savolni vazirlik matbuot xizmati quyidagi izohladi:

Kirgan universitetida o‘qishni istamasa, talaba super kontrakt to‘laydi, sababi bir nechta universitetlarga talab katta, ularning moddiy-texnik bazasi barcha talabalarni qabul qilishga kuchi yetmaydi”, – dedi Nazokat Abduqunduzova.

Super kontraktda kim o‘qiydi?

56,7 dan yuqori bo‘lib o‘qishga kirolmagan yoki boshqa yo‘nalishda o‘qishga kirgan, lekin birinchi yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lgan abituriyent o‘qiydi. Farqi o‘qishga kirolmagan talaba o‘zi belgilagan 5 yo‘nalishdan istalgan birida super kontrakt to‘lab o‘qishi mumkin. O‘qishga kirgan talaba esa faqat birinchi yo‘nalishida super kontraktda o‘qiy oladi. Bunda shart – abituriyent to‘plagan balli birinchi ta’lim yo‘nalishida to‘lov-kontrakt asosidagi o‘tish ballidan past bo‘lishi kerak.

Nima muammo bo‘lyapti?

O‘qishga kirolmaganlar uchun muammo yo‘q. Muammo o‘qishga kirganlarda.

Kun.uz’da “Yuridik universitetga 4 ball yetmadi, shunda ham 317 mln so‘m to‘lashim kerak ekan” — Super kontraktda nima o‘zgardi?” sarlavhali maqola chiqqanidan so‘ng boshqa davlat OTMga talabalikka tavsiya etilganlarning bir guruhi Kun.uz’ga murojaat yo‘lladi. Ularning barchasida bir xil muammo: birinchi yo‘nalishga qo‘shimcha kontraktda o‘qiy olmasliklarini kech bilib qolishgani, endi ulardan kutilganidan ancha ko‘p kontrakt to‘lash so‘ralayotgani aytiladi. Chunki o‘tgan yilgi qabulda bunday tartib bo‘lmagan.

Talaba:

– Men Milliy universitetga qabul qilinganman. Birinchi yo‘nalish sifatida Diplomatiya universitetiga o‘qishga qo‘shimcha kontrakt qildirmoqchi bo‘ldim. 157,4 ball olganman, ya’ni birinchi yo‘nalishim o‘tish balliga 0,9 ball yetmagandi. Dastlab menga bazaviy kontraktning 1,5 baravarini to‘lash bo‘yicha shartnoma berilgan. Ma’lum vaqtdan keyin kontrakt 213 million so‘m bo‘lib o‘zgarib qoldi.

Talabaning akasi:

– Singlim 3-yo‘nalish Toshkent Tibbiyot akademiyasi Termiz filiali farmatsevtika yo‘nalishiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etildi. Birinchi yo‘nalish Toshkent Farmatsevtika instituti farmatsiya yo‘nalishiga 0,3 ball yetmagan. O‘tgan yilgi tartib bo‘yicha biz qo‘shimcha kontrakt, ya’ni 18 million to‘laymiz deb o‘ylagandik. Lekin 135 million so‘m to‘lash kerak deyishyapti. Hech qanaqa qonuniy hujjat taqdim etilmayapti. Biz sarsonmiz.

Talabaning onasi:

– Farzandim 167,8 ball yig‘ib, tanlangan OTMlaridan 4-yo‘nalishga kontrakt asosida o‘qishga kirdi. 1-yo‘nalishiga 0,9 ball yetmadi. Biz qo‘shimcha kontraktda o‘qitmoqchi bo‘lib, 1-yo‘nalishiga ariza yozdik. Bizga 4 sentabr kuni kontraktning 1,5 barobarini to‘lash ko‘rsatilgan – 44 million so‘mlik shartnoma berishdi. Uning yarmini to‘ladik. Yaqinda bu shartnoma yaroqli emasligi aytilib, kontraktning 9 barobar miqdori – 260 million so‘m to‘lashimiz so‘ralyapti.

Maxsus komissiyaning yopiq qarori

Talabalarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan tartib 5 sentabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Telegram-kanalida e’lon qilingan. Lekin unda o‘qishga kirgan talabaga qo‘shimcha kontraktda o‘qish imkoniyati olib tashlangani haqida batafsil tushuntirish berilmagan. Murojaatlardan ko‘rinib turibdiki, bundan talabalar ham, OTM ham bexabar bo‘lgan.

Kun.uz maxsus komissiya qarori matnini so‘radi, biroq vazirlik bu ochiq e’lon qilinmaydigan hujjat ekanini aytib, xizmat doirasida foydalanish uchungina vazirlik xodimlariga berilishini ma’lum qildi.

Bunda haqli e’tiroz paydo bo‘ladi, maxsus komissiya qaysi asosga ko‘ra, o‘qishga kirganlarning qo‘shimcha kontraktda o‘qishini cheklagan? Nega maxsus komissiya talabalar taqdirini hal qiladigan qarorini jamoatchilikka e’lon qilmaydi?

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2024 yilning may oyida Oliy ta’lim mas’ullari, jumladan vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov ham qabuldagi yangi tartib bo‘yicha prezidentga taqdimot qilgan edi. Biroq unda super kontraktga qabul qilishning tartibida yangilik bo‘lishi aytilmagan.

Zero O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonunining 10-moddasiga ko‘ra ma’muriy tartib-taomillar ochiq, shaffof va manfaatdor shaxslar uchun tushunarli bo‘lishi lozim.

Yangilangan Konstitutsiya talabiga ko‘ra, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Zuhra Abduhalimova,
jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: