Siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotiga oid odob-axloq qoidalarini imzoladi

Jamiyat 15:01 / 21.09.2024 1621

2024 yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovlarini adolatli, shaffof va qonuniy o‘tishini ta’minlash maqsadida 21 sentabr kuni siyosiy partiyalar o‘rtasida saylovoldi tashviqotiga oid odob-axloq qoidalari imzolandi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qoidalar siyosiy partiyalarning bir-biriga nisbatan hurmat va samimiy munosabatda bo‘lishini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksi qoidalariga qat’iy rioya qilishni nazarda tutadi. Qoidalarga muvofiq, siyosiy partiyalar vakillari bir-birlarining shaxsiy hayoti daxlsizligi, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini hurmat qilishlari, shuningdek, saylovchilarga nisbatan noqonuniy ta’sir o‘tkazmaslik majburiyatini oladi.

Ushbu qoidalarda saylov jarayonida sun’iy intellektdan foydalanish masalasi ham o‘z ifodasini topgan. Axborot tarqatish sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi bilan bog‘liq xavflarni inobatga olgan holda, uning saylovoldi tashviqotida qanday qoidalarga amal qilinishi aniq belgilab berilgan.

Siyosiy partiyalar tomonidan odob-axloq qoidalarining imzolanishi mamlakatda saylov madaniyatining o‘sib borayotganligini, saylov jarayonlari esa ochiq va adolatli raqobat sharoitida o‘tishini ta’minlashga qaratilgan muhim qadam ekanligini ko‘rsatadi.

Ko‘proq yangiliklar: