Rossiya hukumati «yot qadriyatlarni o‘rnatuvchi» davlatlar ro‘yxatini tuzdi

Jahon 08:35 / 21.09.2024 9069

Rossiya hukumati «rus ma’naviy va axloqiy qadriyatlariga zid bo‘lgan buzg‘unchi munosabatlarni o‘rnatadigan» mamlakatlar ro‘yxatini taqdim etdi. Tegishli hujjatni 20 sentabr, juma kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin imzoladi.

Umuman olganda, ro‘yxatga 47 ta davlat va hudud, jumladan, Yevropa Ittifoqining deyarli barcha mamlakatlari, Slovakiya va Vengriya, shuningdek, AQSh, Britaniya, Ukraina, Yaponiya, Tayvan va hatto Mikroneziya, Andorra va Bahama orollari kiritilgan.

TASS Rossiya davlat agentligining xabar berishicha, davlatlar ro‘yxati Vladimir Putinning «an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga ega» xorijliklarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq tasdiqlangan. Shunday qilib, agentlikning tushuntirishicha, ushbu davlatlar rezidentlari «o‘z mamlakatlarining buzg‘unchi mafkuraviy ko‘rsatmalarini rad etgan taqdirda» soddalashtirilgan tartibda Rossiyada vaqtinchalik yashash huquqiga ega bo‘lishlari mumkin.

Rossiya qadriyatlariga xayrixoh chet elliklar uchun insonparvarlik yordami

2024 yil avgust oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin «an’anaviy rus ma’naviy-axloqiy qadriyatlariga xayrixoh» xorijliklarga gumanitar yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, o‘z vatanidagi «buzg‘unchi neoliberal mafkuraviy ko‘rsatmalar»ga rozi bo‘lmagan shaxslar soddalashtirilgan tartibda Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik yashash uchun ruxsat so‘rashlari mumkin bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: