Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rniga u tomonidan tayinlangan vakil Meksikaga saylangan prezident Klaudiya Sheynbaumning inauguratsiyasiga boradi, dedi Rossiya TIV Lotin Amerikasi departamenti direktori Aleksandr Shchetinin 20 sentabr, juma kuni RTVI telekanaliga bergan intervyusida.
Sheynbaumning qasamyod qabul qilish marosimi 1 oktyabrga belgilangan. Putin avgust oyida tadbirga rasmiy taklifnoma olgan edi. «Biz buning uchun Meksika tomonidan minnatdormiz, Rossiya Federatsiyasi prezidenti o‘z vakilini tayinladi, biz bu haqda meksikaliklarni tegishli ravishda xabardor qildik», dedi Shchetinin va bu protokol amaliyotiga zid emasligini bildirdi.
Iyun oyida Putin Sheynbaumni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklab, Meksikani «Rossiyaning Lotin Amerikasidagi tarixiy do‘stona hamkori» deb atagan edi.
Ukraina Putinni Meksikada hibsga olishni so‘radi
Sheynbaum prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng, Ukraina, agar Putin inauguratsiya marosimida ishtirok etish uchun mamlakatga uchib kelsa, Meksikadan uni hibsga olishni so‘ragan. Kiyevning 7 avgust kungi so‘rovida Xalqaro jinoiy sud hibsga olish orderi haqida gap ketgan. «Umid qilamizki, Meksika hukumati Vladimir Putin hibsga olish uchun order berilgan shaxs ekanligini biladi», — deyiladi hujjatda.
O‘z navbatida, Meksikaning amaldagi prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador Ukrainaning iltimosini rad etdi. «Biz buni qila olmaymiz. Bu bizning ishimiz emas», dedi u jurnalistlarga.
XJSning Rossiya prezidentini hibsga olish uchun orderi
2023 yilda XJS Putinni hibsga olish uchun order berdi va uni 2022 yil fevralida keng ko‘lamli hujum boshlanganidan keyin Ukrainadan Rossiyaga bolalarni noqonuniy ravishda deportatsiya qilganlikda aybladi. Meksika XJS a’zosi hisoblanadi.