Fransiyada talabalar arxeologik qazish ishlari davomida 200 yillik maktubni topdi

Jahon 21:37 / 21.09.2024 6583

Fransiya shimolidagi Depp shahri yaqinida talabalar tomonidan olib borilgan qazishma ishlari davomida ichiga maktub berkitilgan sopol idish topildi, deb xabar beradi Bild.

Qazish ishlariga rahbarlik qilgan Giyom Blondelning ma’lum qilishicha, sopol idishdan topilgan shisha ichidan 200 yil oldin yozilgan arxeologik maktub chiqqan.

Yaxshi holatda saqlangan qog‘ozga «P.J. Fere, Depp fuqarosi va turli ilmiy jamiyatlar a’zosi, 1825 yilda bu yerda qazishma ishlarini olib borgan. U Cité de Limes nomi bilan tanilgan hududda o‘z tadqiqotlarini davom ettirmoqda», deb yozilgan.

Arxeolog o‘z maktubiga Depp yaqinidagi qoyatoshda qazish ishlarini boshlaganini yozgan. Blondel P.J. Fere ismli shaxs yashab o‘tganidan xabardor. «Bu haqiqatda sehrli onlar edi. Oldinlari ham qazish ishlari olib borilganidan boxabar edik, ammo 200 yil oldin bitilgan maktubga duch kelish — mutlaqo kutilmagan holat bo‘ldi», — deydi u.

Depp shahar arxivi 200 yil oldin rostdan bu yerlarda ilk qazishma ishlari olib borilganini tasdiqlagan.

Blondelning aytishicha, arxeologlar bunday turdagi maktublarni kamdan kam hollarda qoldiradilar: «Ba’zida shu kabi vaqt kapsulalari uchrab turadi. Biroq arxeologiyada bu juda kamyob. Arxeologlarning aksariyati o‘zlaridan keyin bu yerga hech kim kelmaydi deb hisoblaydi», — deya tushuntiradi Blondel.

Depp yaqinidagi qazish ishlari qoya yemirilishidan keyin qayta boshlangan. Blondel hamda uning jamoasi gallar qishlog‘idagi ko‘plab artefaktlarni saqlab qolishga erishgan — ular orasida 2 ming yillik keramika ham bor.

Ko‘proq yangiliklar: