O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Livandagi portlashlar
Livandagi shialarning «Hizbulloh» qarshilik harakati bosh kotibi Hasan Nasrulloh Isroilning yaqinda bo‘lib o‘tgan hujumlari Livandagi qarshilik harakati tarixiga jiddiy zarba bo‘lganini ta’kidladi.
Televideniye orqali chiqish qilar ekan, Nasrulloh seshanba va va chorshanba kunlari elektron gadjetlar orqali uyushtirilgan, 37 kishining o‘limi va minglab insonlarning yaralanishiga sabab bo‘lgan portlashlar haqida fikr bildirdi.
«Seshanba kuni biz rasmiy va norasmiy kanallar orqali G‘azoni qo‘llash va janubdan turib hujum qilishni bas qilish talabi qo‘yilgan xabarlarni oldik.
Bizga agar o‘t ochishni bas qilmasak yangi hujumlarga duchor bo‘lishimiz to‘g‘risida rasmiy va norasmiy kanallardan tahdidlar bo‘lib turibdi. Lekin biz tahdidlardan cho‘chimaymiz va G‘azoni qo‘llashni bas qilmaymiz.
Bizning shahidlar va yaradorlar nomidan javobimiz shuki, toki G‘azo sektoriga hujum to‘xtamas ekan, qurbonlar, oqibatlar, imkoniyatlar va istiqbollarga qaramasdan Livan fronti to‘xtamaydi», — dedi Hasan Nasrulloh o‘z chiqishida.
Hasan Nasrullohning qayd etishicha, portlashlarda yaralangan insonlarning katta qismi ko‘zlaridan jarohatlangan. Shu sababli kasalxonalarda katta yuklama vujudga kelgan.
Qayd etish kerakki, ko‘zidan jarohatlanganlarning ayrimlarini Eron davolash uchun Tehronga chaqirib olgani ham xabar qilinmoqda.
Shuningdek, portlashlarning katta qismi bozorlar, shifoxonalar, yo‘llar va uylarda ro‘y bergan va bu joylarda asosan ayollar va bolalar ko‘p bo‘lgan.
«Isroil qizil chiziqni bosib o‘tdi», — degan Hasan Nasrulloh. Shuningdek, u «Isroil seshanba kungi portlashlarda bir daqiqada birvarakayiga 4 ming kishini, chorshanba kungi portlashlarda ikki daqiqada 5 ming kishini o‘ldirishga harakat qildi», degan.
«Hizbulloh» rahbari bu jinoyatkorona hujumni yirik terrorchilik operatsiyasi, genotsid akti va qirg‘in deb atab, urush e’lon qilishni anglatishini ta’kidlagan.
Isroilning Livanga hujumi
Isroil «Hizbulloh»ning Livandagi obektlariga aviazarbalar bergan.
Isroil harbiylari «Hizbulloh»ning bosh kotibi Hasan Nasrulloh televideniye orqali jonli chiqish qilishidan biroz avval Livanning ayrim hududlariga aviatsiya vositasida zarbalar bergan.
Isroil armiyasining bayonotiga ko‘ra, zarbalar Livandagi «Hizbulloh» harakatiga tegishli deb gumon qilingan obektlarga ularning salohiyati va infratuzilmasini ishdan chiqarish uchun berilgan.
Bu orada Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari mamlakat shimolidagi urush rejasi tasdiqlanganini e’lon qildi.
Isroil armiyasi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Isroil qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Hersi Ha-Levi «mamlakat shimolida jangovar harakatlar olib borish bo‘yicha harbiy reja»ni tasdiqlagan.
2023 yilning 8 oktyabridan buyon Isroil va Livan chegarasida tomonlar o‘rtasida vaqti-vaqti bilan kuchayib turadigan to‘qnashuvlar yuz berib kelmoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan taklif etilgan Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha reja bilan tanishib chiqqan va uni real, amalga oshirish mumkin deb atagan.
Bu haqda AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild bayonot bergan.
«Biz Zelenskiyning tinchlik o‘rnatish rejasini ko‘rib chiqdik. Biz unda bayon etilgan strategiya va reja ish beradi, deb hisoblaymiz. Biz bu yerda 22-23 sentabr kunlari Bosh assambleya majlisida hozir bo‘ladigan davlat yetakchilari bilan aloqa qilib, qanday qilib o‘z hissamizni qo‘shishimiz mumkinligini anglab olishimiz kerak. Shu sabab, bu ishda biroz siljishga erishishdan umid qilmoqdamiz», — degan elchi.
Tomas-Grinfildning qayd etishicha, AQSh doim tinchlik tomon yo‘l topilishidan umid qilib keladi. Bu xoh G‘azodagi vaziyat bo‘lsin, xoh Rossiyaning Ukrainaga qarshi ochgan urushi bo‘lsin, Jo Bayden so‘nggi yillarda ustida tinim bilmasdan mehnat qilib kelayotgan maqsad, degan elchi.
Eslatib o‘tamiz, 16 sentabr kuni Volodimir Zelenskiy Ukraina Rossiya bilan urushda «g‘alaba rejasi»ni ishlab chiqishni yakunlayotgani va u tez orada g‘arbdagi ittifoqchi davlatlarga taqdim etilishini bildirgan edi.
Moskva aeroportlarida yangi qoidalar
1 dekabrdan boshlab Moskva aeroportlarida sinov tariqasida Rossiyaga kirib kelayotgan xorijliklarning fotosurati va barmoq izlarini olish tartibi ishga tushiriladi.
Bu haqda Rossiya ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy ma’lum qildi.
«Bu hali tajriba. Algoritm sinovdan o‘tkazilgandan so‘ng, hukumat Federal xavfsizlik xizmati xodimlari bilan birga uni barcha chegara o‘tish joylarida joriy qilish masalasini ko‘rib chiqadi», — dedi u.
Moskva «chet el fuqarolari kirib keluvchi an’anaviy va yirik transport markazi» bo‘lgani uchun sinov o‘tkaziladigan joy sifatida tanlangan.
Shu bilan birga, xuddi shunday nazorat tizimi Qozog‘iston bilan chegaradosh Orenburg oblastidagi «Mashtakovo» chegara nazorat punktida ham paydo bo‘ladi.
Qozog‘iston chegarasida ham yangi nazorat tizimi ishga tushirilayotganidan anglash mumkinki, bu tizim ko‘proq markaziy osiyolik migrantlarni hisobga olish uchun qilinmoqda.
Yevropadagi toshqinlar
Dunay daryosining Budapeshtdan o‘tgan qismida suv sathi kritik darajaga qadar ko‘tarildi. Daryo suvi Vengriya parlamenti binosiga qadar yetib borgan.
Vengriya hukumati rahbari Viktor Orban «Ogohlikni katta suv oqimidan keyin ham saqlab qolish kerak, chunki undan keyin muammolar sodir bo‘lishi mumkin», degan.
Vengriya meteorologlarining prognozlariga ko‘ra, yaqin bir necha hafta ichida mamlakatda intensiv yomg‘irlar kutilmayapti. Daryolardagi suv darajasi keyingi hafta o‘rtalariga borib kamayadi.
Vengriya va Markaziy Yevropaning bir qator boshqa mamlakatlarida suv toshqinlari bilan bog‘liq muammo o‘tgan haftadan buyon davom etayotgan kuchli «Boris» to‘foni sabab yuzaga kelgan.
«Boris» sikloni sabab bo‘lgan suv toshqinlari oqibatida Yevropa mamlakatlarida kamida yetti kishi, jumladan, bir o‘t o‘chiruvchi halok bo‘lgan. Ruminiyada kamida besh kishi tabiiy ofat qurboniga aylangan.
Tsiklon Polsha, Chexiya, Ruminiya va Moldovaning ko‘plab aholi punktlariga ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, Venani o‘rab turgan Quyi Avstriya federal yeri katta zarar ko‘rdi.
Noqulay ob-havo sharoitlari Italiyada ham suv bosishi va toshqinlarga sabab bo‘lgan.
Koronavirusning dastlabki o‘chog‘i
Xitoylik biologlar hamda ularning AQSh va Yevropadagi hamkasblari 2019 yil oxiri — 2020 yil boshida Uhan bozori hududidan to‘plangan koronavirus genomining tuzilishini o‘rganib chiqdi.
Xitoylik biologlar hamda ularning AQSh va Yevropadagi hamkasblari 2019 yil oxiri — 2020 yil boshida Uhan bozori hududidan to‘plangan koronavirus genomining tuzilishini o‘rganib, ushbu savdo maydonchasiga olib kelingan yovvoyi hayvonlar koronavirusning ilk va yagona manbasi bo‘lganini aniqladi.
«Afsuski, Xitoy kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazidan bo‘lgan hamkasblarimiz yetib borgunga qadar bozordan ko‘plab hayvonlar chiqarib tashlangan, shu bois bizda ularning kovid bilan kasallanganini isbotlovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar yo‘q. Shunga qaramay, biz virus zarralari aniqlangan peshtaxtalardan ularning DNK va RNK parchalarini topdik. Bu bozorda kasallangan hayvonlar saqlangan bo‘lsagina yuzaga chiqadigan holat», — deydi Parijdagi Ekologiya va tabiat fanlari instituti yetakchi ilmiy xodimi Florens Debarr.
Dunyo bo‘ylab 7 milliondan ortiq insonning o‘limiga sabab bo‘lgan SARS-CoV-2 virusi aniqlangan bozorda ekzotik oziq-ovqatlar sotilgan, ammo pandemiya boshlaganidan keyin virusning ko‘plab turlari paydo bo‘la boshlagani sabab olimlar Uhan bozori birinchi va yagona manba ekanini aniq ayta olmaydi.
Bunday farazlar xalqaro ilmiy jamiyatda ko‘plab bahs-munozaralarni, shuningdek, o‘nlab konspirologik qarashlarni yuzaga keltirdi.
Xitoy kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi mutaxassislari bir-biriga zid ushbu ma’lumotlarga barham berish maqsadida yetakchi epidemiolog, biolog va genetiklarga pandemiya boshidayoq Uhan bozoridan to‘plangan barcha biomateriallarni taqdim etgan.
Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, genom tuzilishi hamda xilma-xillik darajasi Uhan bozoridagi va birinchi kovid tashuvchilar tanasidan olingan virus namunalari bilan bir xil.
Taxminlarga ko‘ra, SARS-CoV-2 virusining tashuvchilari bozorga Janubi-Sharqiy Osiyodan yoki Xitoyning markaziy hududlaridan kelib qolgan. Ushbu hududlardagi yovvoyi hayvonlarni o‘rganish orqali koronavirusning «vatanini» aniqlash mumkin bo‘ladi.