20 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining yig‘ilishida Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish va saylovoldi tashviqotiga oid muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi saylovda 5 ta siyosiy partiya – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Ekologik partiya, Xalq demokratik partiyasi va «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi tomonidan barcha deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatilgan.
Mazkur partiyalar bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha 375 nafar, yagona saylov okrugi bo‘yicha esa 500 nafar nomzodni ro‘yxatga olishga muvaffaq bo‘ldi. Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar nomzod ko‘rsatilgan. Bu milliy saylov tarixida birinchi marta ro‘y bermoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, nomzodlar tarkibida inklyuzivlik, ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxslar soni ham ko‘paygan. Bu yil Qonunchilik palatasiga 11 nafar, mahalliy Kengashlarga esa 605 nafar nogironligi bor shaxslar nomzod sifatida ko‘rsatildi.
Saylovoldi tashviqoti 22 sentabrdan boshlanib, partiyalar ommaviy axborot vositalarida chiqishlari uchun tegishli tartibda vaqt ajratiladi. Bu yil siyosiy partiyalar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda tashviqot materiallarini tayyorlashlari mumkin bo‘ladi. Ammo buning uchun sun’iy intellektdan foydalanganlik haqida ma’lumotlar berilishi shart.
Saylovda ishtirok etayotgan nomzodlar orasida 44,7 foizini ayollar tashkil etmoqda. Bu eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi. Nomzodlarning o‘rtacha yoshi esa 47,2 yosh bo‘lib, ularning 44,2 foizi 45 yoshgacha bo‘lganlardir.
Markaziy saylov komissiyasi saylov jarayonlarining to‘liq shaffof va adolatli o‘tishiga kafolat berishini ma’lum qildi.