Germaniyadagi qator portlashlarda Niderlandiya narkomafiyasi gumon qilinmoqda

Jahon 09:20 / 20.09.2024 3143

Tergovchilar Germaniyaning g‘arbiy qismidagi qator portlashlar, o‘t qo‘yish va otishmalar ortida Niderlandiya mafiyasi turgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Niderlandiyadagi uyushgan jinoyatchilikka aloqadorlik «aniq-ravshan» va buni isbotlash mumkin, dedi payshanba kuni Kyolndagi jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i Mixael Esser. Muvaffaqiyat haqida gapirishga hali erta bo‘lsa-da, «tergov qizg‘in pallada», dedi Esser.

Tergov doirasida bir necha kishi ushlangan bo‘lsa-da, jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i jurnalistlar bilan suhbatda ish tafsilotlarini ma’lum qilmagan va buni gumonlanuvchilar, shuningdek, jabrlanuvchilarning shaxsi sir qolishi bilan izohlagan. Mixael Esserning so‘zlariga ko‘ra, hujum qurbonlari «kartalarini ochiq ko‘rsatishdan manfaatdor emas». «Yon-atrofda to‘lanmagan to‘lovlar borligi aniq, ular hozir undirilmoqda», dedi u.

16 va 18 sentabr kunlari Kyoln markazida portlashlar sodir bo‘ldi, bundan tashqari, yonayotgan mashina ostidan granata topildi. So‘nggi 12 hafta ichida Kyoln joylashgan Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerida 11 ta portlash sodir bo‘ldi. Zolingenda ehtimoliy jinoyatchi portlovchi moslamani noto‘g‘ri ishlatish natijasida halok bo‘ldi, Duysburgda ham portlash kuzatildi. Ushbu jinoyatlarning barchasi bir-biriga bog‘liq deb taxmin qilinadi.

Germaniya politsiyasi niderland mafiyasini qidirmoqda

Ushbu jinoyatlarning barchasi mokromafiya tomonidan sodir etilgan deb ishoniladi, bu atama Niderlandiya va Germaniya ommaviy axborot vositalarida 1990-yillarda niderland Marokash jamoasidan paydo bo‘lgan bir nechta mafiya guruhlarini tasvirlash uchun ishlatilgan. Ular Germaniyadagi uyushgan jinoiy guruhlarga qaraganda zo‘ravonlikka ko‘proq moyil. Tergovchilar so‘nggi haftalarda niderland va nemis jinoiy guruhlari o‘rtasida «mafiya urushlari» boshlanganini taxmin qilmoqda.

Germaniya politsiyasi mokromafiya Kyolnda o‘g‘irlash va qiynoqlar ishiga aloqador ekani aniqlanganidan keyin Niderlandiyadan uyushgan jinoyatchilikning kirib kelishi haqida ogohlantirdi. Avgust oyi boshida nemis uyushgan jinoiy guruhiga a’zo bo‘lgan erkak va ayol politsiyaning Kyolnda o‘tkazgan operatsiyasi natijasida ozod etilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: