Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen payshanba kuni «Boris» to‘fonidan keyin «yurakni ezuvchi» vayronagarchilikni boshdan kechirayotgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga 11 milliard yevro miqdorida yordam ko‘rsatishini e’lon qildi. Fon der Lyayyen Polshaning Vrotslav shahrida suv toshqinidan eng ko‘p jabr ko‘rgan to‘rtta davlat – Polsha, Chexiya, Slovakiya va Avstriya rahbarlari bilan nutq so‘zladi.
Yevrokomissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi jabrlangan hududlarni rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish uchun YeI Birlashish va birdamlik jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanishi mumkin. Odatda, birlashish jamg‘armalari a’zo mamlakatlardan birgalikda moliyalashtirishni talab qiladi, ammo bu holda u «qo‘shma moliyalashsiz 100 foiz Yevropa puli» bo‘ladi, dedi fon der Lyayyen. «Bu favqulodda vaqt va u favqulodda choralarni talab qiladi», dedi Yevrokomissiya raisi.
Polsha bosh vaziri Donald Tuskning aytishicha, Polsha fon der Lyayyen tomonidan e’lon qilingan mablag‘ning taxminan yarmini oladi. Uning chexiyalik hamkasbi Petr Fiala Chexiyaga taxminan 2 milliard yevro ajratilishini va bu «yaxshi xabar» ekanligini aytdi. Avstriyaning ulushi taxminan 500 million yevroni tashkil qiladi, qolgan mablag‘ Slovakiya va Ruminiyaga yo‘naltiriladi.
Yevropada «Boris» to‘foni oqibatlari
Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yirik suv toshqinlari kamida 24 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Noqulay ob-havoga ba’zi Yevropa mintaqalarida kuchli yomg‘ir, shamol va qor yog‘ishiga olib kelgan «Boris» sikloni sabab bo‘ldi. Ba’zi joylarda suv «hamma narsani tom ma’noda yo‘q qildi», dedi Polsha infratuzilma vaziri Dariush Klimchak jurnalistlarga. «Bu toshqin emas, urushdan keyingi manzaraga o‘xshaydi», dedi u.
Polshada bir qancha aholi punktlari uylarni buzib o‘tgan, ko‘priklarga zarar yetkazgan, avtomobil va temiryo‘l infratuzilmasiga katta zarar yetkazgan suv toshqinlari tufayli deyarli vayron bo‘lgan. Ayrim hududlarda aholi haligacha ichimlik suvi va elektr energiyasidan foydalana olmayapti. Chexiya, Avstriya, Ruminiya va Slovakiyada ham minglab uylar suv ostida qolgan.