AQShning Kaliforniya shtatida istiqomat qiluvchi fuqaro xatolik sabab 18 yildan beri qo‘shnisining elektr hisobiga pul to‘lab kelgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda CBS News va ABC7 telekanallari xabar bermoqda.
Ken Uilson bu uyda 2006 yildan beri yashaydi. Yaqinda u kommunal xizmatlar uchun to‘lashi kerak bo‘lgan summa ancha oshganini sezib qoldi. Erkak elektr energiyasini tejay boshladi va hatto kvartirasidagi hisoblagichlar qancha vatt iste’mol qilishini o‘lchaydigan maxsus qurilmani sotib oldi.
Uilsonning aytishicha, u elektr energiyasi avtomatlarini o‘chirganidan so‘ng ham hisoblagichlar ishlashda davom etgan. Shundan keyin u kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi Pacific Gas and Electric (PG&E) kompaniyasiga aloqaga chiqqan. Erkak yo kimdir uning elektr energiyasini “o‘g‘irlayapti” yoki hisoblagichlarda nosozlik bor, deb o‘ylagan.
PG&E xodimlari Uilsonning hisoblagichlarini tekshirganida, uning xonadoni boshqa hisoblagichga ulanganini aniqladi, shu sababli kompaniya shu paytgacha undan o‘z xonadoni uchun emas, balki qo‘shni uyga haq olib kelgan.
PG&E xatosini tan olib, tushunmovchilikni bartaraf etdi. Shuningdek, Uilsonning hisobiga 600 dollar o‘tkazib berildi — u so‘nggi uch yil davomida shuncha miqdorda ortiqcha to‘lov qilgan.