Tashrif davomida ushbu shtat davlat ijro Kengashi a’zosi, Investitsiya va sanoat, oliy ta’lim va fanlar, texnologiya va innovatsiya qo‘mitasi raisi Xaim Xilman Abdullah bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston va Malayziya hududlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Xaim Xilman Abdullah Kedah shtati aholisining O‘zbekistonning tarixiy yodgorliklariga hamda zamonaviy tog‘-chang‘i maskanlariga, o‘zbekistonlik sayyohlarning Kedah shtatining dengiz sohillariga oqimini yanada ko‘paytirish maqsadida turistik mavsumda Toshkent–Langkavi oroli–Toshkent yo‘nalishlarida charter aviaqatnovlarini tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi.
Malayziya tomoni, shuningdek, Kedah shtatining O‘zbekiston hududlaridan biri bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo-iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Kedax shtati Malayziya yarim orolining eng shimoliy qismida joylashgan va hududi 9,5 ming kv metrni tashkil etadi. Aholisi 2,2 million kishi bo‘lgan ushbu shtat iqtisodiyoti 12,8 milliard dollarni va aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot 5,9 ming dollarni tashkil etadi.
Shtatda sholichilik keng rivojlangan. Mamlakatda yetishtiriladigan guruchning yarmi ushbu shtat hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, dunyoning mashhur dam olish zonasi Langkavi oroli ham ushbu shtat hududida joylashgan. Sanoatning mototsikllar ishlab chiqarish yo‘nalishi juda taraqqiy etgan.