Tinch okeanidagi ulkan chiqindi dog‘i: uni tozalashga 7,5 mlrd dollar ketadi

Jahon 15:57 / 19.09.2024 4658

1997 yilda kapitan Charlz Mur Shimoliy Tinch okeani girdobida Kaliforniya va Gavayi orollari qirg‘oqlari orasida suzib yurgan plastik chiqindilarning katta maydoniga duch kelgan, deb yozadi New Atlas. Bu hudud okeandagi plastik to‘planadigan beshta asosiy zonalardan biri hisoblanadi.

O‘shandan beri olimlar o‘n yillar davomida Tinch okeanidagi ulkan chiqindi dog‘i deb ataladigan maydonning kengayishini kuzatib, okeanni bu “yara”dan tozalovchi strategiyani ishlab chiqishga urinmoqda. Qariyb 30 yil ichida Tinch okeani dog‘i allaqachon o‘z valutasiga, shuningdek, qayta ishlangan plastikdan tayyorlangan bayroq va pasportlarga ega bo‘lib ulgurdi. Bundan tashqari, oldingi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, “chiqindi oroli” turli-tuman hayot shakllariga to‘la.

Bir necha kun oldin The Ocean Cleanup (TOC) loyihasi Tinch okeanidagi chiqindi dog‘ini tozalash bo‘yicha ulkan rejalarini e’lon qildi: olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bunga 10 yil vaqt va 7,5 milliard dollar mablag‘ ketadi. Tadqiqotchilar, shuningdek, jarayonni takomillashtirish va strategiyalarni yangilash orqali muddatni 5 yilgacha, xarajatlarni esa 4 milliard dollargacha qisqartirishni niyat qilgan.

Bu rejani amalga oshirish uchun dollarda muayyan mablag‘ning belgilanishi tarixiy hodisa bo‘ldi, chunki chiqindi dog‘i xalqaro suvlarda suzib yuradi va hech bir davlatning “majburiyati” hisoblanmaydi.

Tinch okeanidagi ulkan chiqindi dog‘i 600 mingdan 1,6 million kvadrat kilometrgacha maydonni egallaydi. Avvalgi tadqiqotlar uning og‘irligini 88 000 tonna deb baholashgan. Ammo uni eng katta chiqindi maydoni deb bo‘lmaydi, okean tubida undan ancha ko‘proq chiqindi borligi ehtimoldan xoli emas.

Ulkan chiqindi dog‘ining asosiy qismini trillionlab mikroplastik parchalar tashkil etsa-da, bu yerda baliq ovlash to‘rlari, bir martalik shishalar, qadoqlar, hojatxona unitazlari, Barbi qo‘g‘irchoqlari, yo‘l konuslari, futbol to‘plari, rezina o‘rdakchalar, ishlatilgan ignalar va hatto televizorlar ham topilishi mumkin.

So‘nggi 30 yil davomida okean hayoti yo unga moslashdi, yo uning qurboniga aylandi. Ko‘plab hayvonlar Tinch okeanida to‘plangan chiqindilardan zarar ko‘rdi. Masalan, ko‘pchilik burun teshigiga plastik naycha tiqilib qolgan dengiz toshbaqasi yoki chiqindining farqiga bormay, bolalarini plastik qopqoqlar va zajigalkalar bilan boqayotgan albatroslar tasvirlarni ko‘rgan.

Dengiz hayotida plastik chiqindilar uyumida yashashga moslashgan hayvonlar ham bor — olimlar jami 46 ta turni qayd etishdi. Ular orasida krablar, dengiz qisqichbaqalari, anemonlar, midiyalar, ustritsalar, shuningdek o‘rgimchaklar ham bor.

Afsuski, plastik to‘liq biologik parchalanmaydi, aksincha u faqat maydaroq bo‘laklarga ajralib ketadi. Bunga doimiy ultrabinafsha nurlar ta’siri va okean to‘lqinlarining harakati yordam beradi, bu esa suvni tozalash muammosini yanada murakkablashtiradi.

Hozirda Ocean Cleanup tashkiloti System 03 nomli dasturni ishlab chiqdi. Unda piyoda tezligida harakatlanayotgan ikkita kema o‘rtasiga 2,2 kilometr uzunlikdagi suzuvchi to‘siq tortiladi, to‘siqqa o‘rnatilgan 4 metr chuqurlikdagi ekranlar barcha suzib yuruvchi zarralarni tutib oladi. Tizim eng ko‘p plastik to‘plangan hududlarga yo‘naltirilishi uchun okean monitoringi ma’lumotlari va sun’iy intellekt modellashtirish natijalaridan foydalanadi, shu tariqa maksimal samaradorlikka erishish mumkin.

Okeandagi chiqindilar to‘plangandan so‘ng, ular ulkan qopga joylanib, kemaga olib chiqiladi, so‘ngra saralash va qayta ishlash uchun qadoqlash maqsadida palubaga to‘kiladi.

Ko‘proq yangiliklar: