17 sentabr kuni Boysundagi M25 konida avariya sodir bo‘ldi. Buning oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan va 11 kishi jarohatlangan. Ayni vaqtda Boysun tumanida bo‘lib, vaziyatni o‘rganayotgan Kun.uz muxbiri Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovdan halok bo‘lganlarning oilalariga kopmensatsiya to‘lanishi borasida intervyu oldi.
Vazirga ko‘ra, halok bo‘lgan xodimlarning oilalari tegishli kompensatsiyalardan tashqari pudratchi tashkilot qaramog‘iga ham olinadi.
“Ko‘pchilik nefti-gaz sohasida xodimlar baland oylik olishini aytadi. Avval kelib xodimlar naqadar og‘ir sharoitda ishlashini ko‘rish kerak. Baxtsiz xodisa bo‘lganida kompensatsiya berish tegishli mehnat shartnomalarida ham bor.
Ko‘zda tutilgan kompensatsiyalardan tashqari halok bo‘lganlarning oilalari qaramog‘ini pudratchi tashkilot to‘liq o‘z bo‘yniga oldi. Bundan tashqari, pudratchi tashkilot ularning farzandlarini voyaga yetkazib, o‘qitib, kompaniyada kafolatlangan ish bilan ta’minlashgacha zimmasiga olgan”, deya ma’lum qildi vazir.
Jo‘rabek Mirzamahmudov Kun.uz muxbirining evakuatsiya qilinganlar bo‘yicha savolini ochiq qoldirgan.
Energetika vaziri avvalroq M25 konidagi avariyaga juda yuqori bosim sabab bo‘lganini aytgandi.