Jamoat transporti uchun QQS imtiyozi bekor qilinadi

O‘zbekiston 19:47 / 19.09.2024 4940

O‘zbekiston prezidenti 18 sentabr kuni ayrim soliq va bojxona imtiyozlarini bekro qilishga oid farmon imzoladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan e’tiboran, yo‘lovchilarni yagona tariflar bo‘yicha tashish xizmatlari uchun QQS imtiyozi tugatiladi. Hozirda bu imtiyoz shaharda va shahar atrofida harakatlanuvchi jamoat transportlariga taalluqli (taksilar va yo‘nalishli taksilar bundan mustasno).

Bundan tashqari, 1 yanvardan e’tiboran:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari yagona ishtirokchisi hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlar uchun ham QQS imtiyozi bekor qilinadi;
  • yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish tarzidagi imtiyoz bekor qilinib, mazkur yer uchastkalari bo‘yicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 1 apreldan boshlab dori vositalari, suv ta’minoti, issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya va boshqa ayrim tovar-xizmatlar uchun QQS imtiyozi tugatilgan, bu o‘zgarish ularning narxida aks etgandi.

Bu yil, shuningdek, zargarlik maqsadida olib kirilgan qimmatbaho toshlar QQSdan ozod etildi.

Ko‘proq yangiliklar: