Isroil mudofaa vaziri: Livan bilan urush yangi bosqichga kirmoqda

Jahon 10:29 / 19.09.2024 3120

Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallantning aytishicha, mamlakat Livan bilan shimoliy chegarasiga yangi kuchlarni ko‘chirmoqda, u yerda «urushning yangi bosqichi» boshlanadi. «Bu bizdan jasorat, qat’iyat va matonat talab qiladi», dedi vazir 18 sentabr, chorshanba kuni Isroil harbiy-havo kuchlari bazasida so‘zlagan nutqida.

O‘z navbatida, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu shu kuni mamlakat shimolidagi evakuatsiya qilingan aholini uylariga qaytarishga va’da berdi. U o‘z videomurojaatida odamlarni uylariga qaytarish rejasi haqida batafsil ma’lumot taqdim etmadi, shuningdek, Livandagi «Hizbulloh» tashkiloti a’zolari o‘rtasida yaqinda sodir bo‘lgan aloqa qurilmalari portlashi haqida ham gapirmadi.

Livanda «Hizbulloh» peyjyer va ratsiyalarining portlashi

Ikki kun davomida butun Livan bo‘ylab «Hizbulloh» jangchilari foydalanadigan peyjyerlar, ratsiyalar va radiostansiyalarning katta portlashlari sodir bo‘ldi. Umuman olganda, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, gadjetlar portlashlari oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘lgan, 3500 dan ortiq kishi jarohatlangan.

18 sentabr, chorshanba kuni bir kun oldin halok bo‘lgan «Hizbulloh» jangchisining dafn marosimida portlashlardan biri yuz berdi. Bir kun avval Eronning Livandagi elchisi peyjyerning portlashi oqibatida jarohatlangan edi. The New York Times gazetasining yozishicha, u bir ko‘zini yo‘qotgan.

Rasmiy Bayrut va «Hizbulloh» harakati vakillari voqeada Isroilni aybladi. U qilgan ishlari uchun «loyiq jazo» olishiga va’da berildi. Reuters manbasining ta’kidlashicha, peyjyerlar Isroil razvedka xizmati «Mossad» tomonidan «ishlab chiqarish bosqichida» o‘zgartirilgan. Sky News Arabia manbalariga ko‘ra, qurilmalarda detonator qopqoqlarini jihozlash uchun ishlatiladigan azot kislotasi efirini o‘z ichiga olgan portlovchi modda - pentaeritrittetranitrat bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, portlashlar «Mossad» akkumulyatorlar haroratini masofadan oshirganda sodir bo‘lgan.

Yaqin Sharqdagi keskinlashuv

2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 41 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: