Isroil Livan bo‘ylab yangi zarbalar yo‘lladi

Jahon 20:53 / 19.09.2024 6541

Isroil «Hizbulloh» harakatining Livan janubidagi pozitsiyalari bo‘ylab navbatdagi marta aviazarbalar berdi — bu guruh yetakchisi Hasan Nasrulloh so‘nggi kunlarda Livanda peyjyerlar va ratsiyalar ommaviy portlashi bilan kechgan hamda o‘nlab kishilar halok bo‘lib, minglab kishilar yaralanishiga olib kelgan voqealarga bag‘ishlangan chiqishini boshlagan vaqtga to‘g‘ri keldi.

BBC muxbiri Hyugo Bacheganing xabar berishicha, Bayrut uzra isroilliklarning harbiy samolyotlari ovozlari eshitilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda samolyotlar pastlab uchayotgani aks etgan videolar ham tarqalgan.

Nasrulloh Isroilni guruh a’zolari hamda begunoh kishilarni, hatto bolalarni ajratmasdan peyjyerlar va ratsiya vositalariga hujum qilishda ayblagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 4 000 ga yaqin peyjyerlar portlagan va jabrlanganlarning bir qismi hali rasmiy ma’lumotlarga qo‘shilmagan.

«Bu oshkora terrorizm. Biz ularni seshanba kungi va chorshanba kungi qirg‘inlar deb ataymiz. Bu harbiy jinoyat yoki, kamida urush e’lon qilishdir, — degan u. — Xudo rahmdil va ko‘p miqdordagi o‘limlar va jarohatlanganlar bo‘lmadi. Ayrim peyjyerlar ishdan chiqqan yoki o‘chirilgandi. Ayrimlari hali tarqatilmagan va omborlarda turgandi».

«Shahidlarini yo‘qotganlar, yaralanganlar, G‘azo uchun kurashganlarning barchasi nomidan biz [bosh vazir] Netanyahu va [mudofaa vaziri] Galantga, dushmanlarga aytamizki, G‘azodagi tajovuz bas qilinmagunicha Livan fronti ham to‘xtamaydi, — degan Nasrulloh. — Livandagi qarshilik harakati G‘azo va G‘arbiy sohil xalqini qo‘llab-quvvatlashdan chekinmaydi».

«Siz bu odamlarni shimolga qaytara olmaysiz. Buning yagona yo‘li — G‘azo va G‘arbiy sohildagi tajovuzni to‘xtatishdir», — degan Hasan Nasrulloh Isroil rahbariyatiga murojaat qilib.

Nasrullohning qayd etishicha, isroilliklarning harakatlariga «ular kutishi mumkin bo‘lgan tarzda ham, kutmagan tarzda ham» javob qaytariladi.

«Men joyini, vaqtini, holatini, tafsilotlarini aytmayman, barchasini bu ro‘y berganida bilib olasiz. Ular bu to‘lovni qilishadi. Biz hozir detallarni ochiqlamaymiz, chunki hozirda jangning o‘ta nozik bosqichidamiz», — degan «Hizbulloh» rahbari.

Hyugo Bacheganing qayd etishicha, Nasrullohning ohangi shundan darak bermoqdaki, «Hizbulloh»ning reaksiyasi nafaqat guruh uchun, balki so‘nggi yillardagi ko‘plab inqirozlardan aziyat chekayotgan Livan uchun ham vayronkor oqibatlar keltirib chiqarmasligi uchun Isroil bilan urushga olib bormaydigan darajada vazmin bo‘ladi.

Isroil mudofaa armiyasi bayonotida «Hizbulloh»ning «terrorchilik salohiyati va infratuzilmalari»ni «yo‘q qilish»ga harakat qilinayotgani aytilgan. «O‘n yillar mobaynida „Hizbulloh“ tinch aholi uylaridan foydalanib kelmoqda, ularning ostidan tunnellar o‘tkazilgan va tinch aholidan jonli qalqon sifatida foydalanilgan, janubiy Livan harbiy harakatlar maydoniga aylantirilgan», — deyiladi bayonotda.

Unda aytilishicha, «TsAHAL Isroil shimolidagi xavfsizlikni ta’minlash maqsadida aholining uylariga qaytishi va urush maqsadlariga erishish uchun harakat qilmoqda».

Internetda tarqalgan videolarga ko‘ra, Livanning turli hududlarida kuchli portlashlar kuzatilgan.

Bundan oldinroq Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant mamlakat «urushning yangi bosqichini ochayotgani» va «resurslar va kuchlar yo‘naltirilishi tufayli og‘irlik markazi shimolga siljishi»ni aytgandi. «Bizga vaqt o‘tishi bilan izchillik kerak bo‘ladi, bu urush yanada mardlik, qat’iyat va qat’iyatlilikni talab qiladi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Hafta boshida Isroil hukumati o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan isroilliklarning qaytarilishini asosiy maqsad qilish uchun urush maqsadlarini qayta ko‘rib chiqqandi, Galant esa diplomatiya muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda, harbiy harakatlar yagona variant bo‘lishi, bu esa «Hizbulloh» bilan mojaro keng ko‘lamli urush bosqichiga o‘tishi ehtimolini oshirishini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: