Dunay daryosi suvi kritik darajaga ko‘tarilib, Vengriya parlamenti binosiga qadar yetib bordi

Jahon 21:47 / 19.09.2024 4019

Dunay daryosining Budapeshtdan o‘tgan qismida suv sathi kritik darajaga qadar ko‘tarildi. OAVning yozishicha, suv Vengriya parlamenti binosiga qadar yetib borgan.

Vengriya hukumati rahbari Viktor Orban 19 sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakatda suv sathining ko‘tarilishi bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolayotganini ma’lum qildi. «Ogohlikni katta suv oqimidan keyin ham saqlab qolish kerak, chunki undan keyin muammolar sodir bo‘lishi mumkin», — deydi Orban.

Vengriya meteorologlarining prognozlariga ko‘ra, yaqin bir necha hafta ichida mamlakatda intensiv yomg‘irlar kutilmayapti. Daryolardagi suv darajasi keyingi hafta o‘rtalariga borib kamayadi.

Vengriya va Markaziy Yevropaning bir qator boshqa mamlakatlarida suv toshqinlari bilan bog‘liq muammo o‘tgan haftadan buyon davom etayotgan kuchli «Boris» to‘foni sabab yuzaga kelgan.

Yevropada suv toshqinlari qurbonlari bor

«Boris» sikloni sabab bo‘lgan suv toshqinlari oqibatida Yevropa mamlakatlarida kamida yetti kishi, jumladan, bir o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda AFP yakshanba kuni. Ruminiyada kamida besh kishi tabiiy ofat qurboniga aylangan.

Tsiklon Polsha, Chexiya, Ruminiya va Moldovaning ko‘plab aholi punktlariga ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, Venani o‘rab turgan Quyi Avstriya federal yeri katta zarar ko‘rdi. U yerda bir o‘t o‘chiruvchi suv chiqarib olish chog‘ida halok bo‘ldi, dedi viloyat gubernatori Yoxanna Mikl-Laytner. Mintaqa aholisiga yordam berish uchun armiya jalb qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: