Andijon viloyatida tadbirkorning elektrdan noqonuniy foydalangani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani yo‘q qilib berish evaziga 20 mln so‘m olgan ETK muhandislari ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Xo‘jaobod tumani bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbirda tuman elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi Sh.V. “X.T.” MChJga qarashli umumiy ovqatlanish oshxonasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani holati bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnomani yo‘q qilib berishi evaziga korxona rahbari X.T.dan 20 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Uning ko‘rsatmasiga asosan "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ filiali ma’muriy binosi oldida davom etgan tadbirda Xo‘jaobod ETKning yana bir muhandisi A.A. muhandis Sh.V.dan 20 mln so‘mni olib, shundan 5 mln so‘mini qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.