19 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:48 / 19.09.2024 4574

Boysundagi konda vaziyat yuzasidan o‘tkazilgan brifing, Toshkent metropolitenidan aholiga murojaat, g‘orat qilingan Omonqo‘ton bog‘i uchun ochilgan jinoiy ish — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Boysundagi brifing

Boysundagi 17 sentabr kuni “Mustaqillikning 25 yilligi” konidan yana oltingugurt gazi chiqa boshlashi bilan bog‘liq avariyada 4 kishi halok bo‘lgan, 11 kishi jarohatlangan, ulardan 10 nafariga shu kuni shifoxonadan uyiga javob berilgan.

Bu haqda favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev va energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirokida 18 sentabr kuni Boysundagi kon yaqinida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Brifing formatidagi anjumanda mas’ullar jurnalistlar savollariga javob bermadi.

Rasmiylarga ko‘ra, 17 sentabr kuni soat 16:00 larda kondagi 604-sonli quduqning yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi chiqayotgani qayd etilgan.

1 sentabr kungi texnogen ofat ham ushbu quduqda ro‘y bergan, natijada bir necha qishloqlar aholisi uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgandi. Ikki hafta Boysun shahrida yashagan aholi 15 sentabr kuni zaharli gaz chiqishi to‘xtatilgani e’lon qilinganidan keyin, yana uylariga qayta boshlagandi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bugungi brifingda konning tarixi, buguni, texnik tavsifi va uni o‘zlashtirish naqadar murakkabligi haqidagi bir necha sahifalik ma’lumotnomani o‘qib eshittirdi. Jurnalistlar savollariga esa javob berilmadi.Nachalo formy

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha Boysundagi konda sodir bo‘lgan avariyada halok bo‘lgan mutaxassislarning oilalariga belgilangan kompensatsiyalardan tashqari pudratchi tashkilot tomonidan ham yordam ko‘rsatiladi. Pudratchi tashkilot ularning farzandlarini o‘qitib, ish bilan ta’minlashgacha zimmasiga olmoqda.

«Toshkent metropoliteni»ning aholiga murojaati

Metropoliten ma’muriyati metrodan foydalanish qoidalariga amal qilishni so‘rab, Toshkent shahri aholisiga va mehmonlariga murojaat qildi.

«Harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi», deyiladi murojaatda.

Qayd qilinishicha, bularning barchasi oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishini ta’minlashga «ijobiy ta’sir ko‘rsatadi».

«Toshkent metropoliteni»ga ko‘ra, 2024 yil yakunigacha 48 ta va 2025 yil davomida yana qo‘shimcha 56 dona zamonaviy metro vagonini xarid qilish ko‘zda tutilgan. Yangi vagonlar Chilonzor, O‘zbekiston, Yunusobod va Yer usti halqa yo‘nalishida harakatlanadi va buning hisobiga oraliq interval kamaytiriladi.

Omonqo‘ton”dagi voqea uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqand viloyati Urgut tumanidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida noma’lum shaxslar tomonidan ochilgan noqoqonuniy yo‘l bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

“Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 2,5 mingdan oshiq o‘simlik va daraxtlar nobud qilinib, tabiatga 1 mlrd so‘mdan ortiq miqdorda zarar yetkazilgan. Jinoyat ishi tergovi ustidan Bosh prokuratura nazorat o‘rnatgan.

Holat yuzasidan prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 204-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ish tergovi ustidan Bosh prokuratura nazorati o‘rnatilgan.

“Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida noqonuniy yo‘l ochilib, 869 kvadrat metr maydondagi tuproqlar surilib, 1427 metr kvadrat maydon tuproq bilan ko‘milgan.

Oqibatida, jami 2 693,9 kvadrat metr muhofaza etiladigan hududda o‘suvchi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 7 turdagi 1112 tup, noyob va yo‘qolib borayotgan 5 turdagi 1479 tup o‘simlik nobud qilingan. 8 turdagi 64 tup daraxt va butalar kesilgan, nobud qilingan va shikastlantirilgan. Shu tariqa, tabiatga 1 mlrd 115 mln 907 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzishni anglatuvchi 204-moddasi 2-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini berish nazarda tutilgan.

Tadbirkorlik bilan shug‘ullangan bankirlar

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi uchta bankdagi 148 nafar xodim 155 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik qilayotganini aniqladi.

«Mikrokreditbank», «Biznesni rivojlantirish banki» hamda «Turonbank» va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda ularning 148 nafar boshqaruv xodimi 155 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi.

«Mikrokreditbank»ning 94 nafar boshqaruv xodimi 96 ta tadbirkorlik sub’yektida, «Biznesni rivojlantirish banki»ning 41 nafar boshqaruv xodimi 46 ta tadbirkorlik sub’yektida, «Turonbank»ning 13 nafar boshqaruv xodimi 13 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha agentlik tomonidan mazkur banklarga taqdimnomalar kiritildi. Banklar taqdimnomalarni tanqidiy muhokama qilib, tadbirkorlik sub’yektlarida ta’sischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari bermoqda.

Ko‘proq yangiliklar: