Livanda yana portlashlar ro‘y berdi: bu safar ratsiya va boshqa texnikalar

Jahon 21:33 / 18.09.2024 11877

Livan poytaxti Bayrutda «Hizbulloh» guruhi a’zolariga tegishli peyjyerlar, shuningdek, ratsiya va radiolar yana portladi. Reuters xabariga ko‘ra, texnikalarning portlashi 18 sentabr kuni mamlakat janubida va Bayrutning janubiy chekkasida qayd etilgan. Ratsiyalar «Hizbulloh» tomonidan besh oy oldin, peyjyerlar bilan bir vaqtda sotib olingani ta’kidlanmoqda.

«Hizbulloh» nazoratidagi ommaviy axborot vositalari turli elektron qurilmalar, gadjetlar, mototsikllardagi elektronika, avtomobillar va boshqalar portlaganini ham yozmoqda. Ba’zi manbalarda ratsiyalardan tashqari, noutbuklar va smartfonlar portlagani haqida xabar tarqaldi, biroq bu hali rasman tasdiqlanmagan.

Foto: Reuters

Livandagi yangi portlashlar oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar jarohatlandi. Halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarni Livan davlat axborot agentligi taqdim etdi, Reuters esa jarohat olganlar haqida yozdi. Yangi portlashlar to‘lqini oqibatida yuzdan ortiq kishi jarohat oldi, deb xabar berdi Al Hadath.

Livanning davlatga qarashli Milliy axborot agentligi (NNA) xabariga ko‘ra, «eski peyjyerlar» Bayrutning janubiy chekkasida va Livan janubidagi uylarda portlagan. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, yaradorlarning bir nechtasi poytaxt va Bekaa vodiysida joylashgan Baalbekdagi shifoxonalarga yotqizilgan.

Aholining so‘zlariga ko‘ra, uyali telefon do‘konlari va hatto uylardagi texnikalar portlatilgan. Ba’zi turar joy binolarida yong‘in boshlangan.

Portlashlardan kamida bittasi 17 sentabr kuni yuz bergan peyjyer portlashi oqibatida halok bo‘lgan odamning dafn marosimida yuz bergan.

Qayd qilinishicha, Livan bo‘ylab portlagan ratsiyalar Yaponiyaning ICOM kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. «Mossad» ularni xuddi peyjyerlar kabi portlovchi moddalar bilan jihozlagan bo‘lishi mumkin.

17 sentabr kuni Livanda «Hizbulloh» qurolli guruhi a’zolari foydalanayotgan peyjyerlar portlashi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, uch mingdan ortiq kishi jarohatlandi. «Hizbulloh» peyjyer portlashlarida Isroilni aybladi va bunga javoban «keskin qasos» bilan tahdid qildi. Isroil rasmiylari hozircha voqeaga izoh bermadi.

Reuters agentligining Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manbaga tayanib xabar berishicha, Isroil razvedka xizmati (Mossad) portlashlardan bir necha oy oldin Livanning «Hizbulloh» guruhi tomonidan keltirilgan 5 ming peyjyerga portlovchi moddalar o‘rnatgan.

Ko‘proq yangiliklar: