Kaliforniyada marhum aktyorlarning merosxo‘rlari ruxsatisiz ularning raqamli klonlarini yaratish taqiqlandi

Fan-texnika 20:38 / 18.09.2024 1602

Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom sun’iy intellekt (SI) sektorini, jumladan, tele va kino sanoatini tartibga soladigan beshta qonunni imzoladi, deb xabar beradi Techcrunch.

Imzolangan hujjatlar orasida Amerika televideniye va radio artistlar federatsiyasi tomonidan targ‘ib qilingan qonun ham bor. Qonun studiyalarga marhum aktyorlarning raqamli nusxalarini ularning merosxo‘rlari ruxsatisiz yaratishni taqiqlaydi.

Sun’iy intellektni tartibga solishga qaratilgan yana bir qonunga muvofiq, studiyalar SI yordamida aktyorning ovozi yoki obrazi nusxasini yaratishda undan ruxsat olishi kerak bo‘ladi.

Qolgan uchta hujjat sun’iy intellekt yordamida yaratilgan va saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan dipfeyklarga qarshi kurashga qaratilgan. Xususan, qonun SI yordamida yaratilgan siyosiy reklama to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor etilishini, shuningdek, yirik onlayn-platformalarga bu kabi dipfeyklarni o‘chirib tashlash majburiyatini yuklaydi.

«Sun’iy intellekt yaratish bilan shug‘ullanuvchi dunyodagi yirik kompaniyalarining aksariyati joylashgan Kaliforniya ushbu inqilobiy texnologiyalardan mavjud muammolarni hal etishda foydalanish niyatida», — deyiladi Nyusom ofisining xabarida.

Techcrunch’ning qayd etishicha, shtat gubernatori sun’iy intellektga bog‘liq yana 38 ta qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: