Moskva oblastida politsiyachi mashinasida o‘zbekistonlik bolani bosib ketdi

Jahon 21:00 / 16.09.2024 7037

Rossiyaning Moskva oblasti davlat yo‘l inspeksiyasi (GIBDD) xodimlari Stupino rayonida uch nafar bola jarohat olgan YTH sabablarini aniqlamoqda. Rossiya matbuotiga ko‘ra, jarohatlangan bolalarning ikki nafari tojikistonlik, uchinchisi esa o‘zbekistonlik.

Hodisa 13 sentabr kuni kechqurun Stupino rayonidagi Mixnevo qishlog‘ida sodir bo‘lgan.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «Omoda» rusumli avtomashinani boshqarayotgan 1997 yilda tug‘ilgan haydovchi kattalar hamrohligisiz piyodalar o‘tish joyidan tashqarida yo‘l qismini kesib o‘tayotgan 2017, 2018 va 2019 yillarda tug‘ilgan uch nafar voyaga yetmagan bolani urib yuborgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan bolalar tibbiy muassasaga yetkazildi», deyiladi Rossiya IIV Moskva oblasti bo‘yicha Bosh boshqarmasi xabarida.

Aniqlanishicha, haydovchi Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva oblasti bo‘yicha bosh boshqarmasi yo‘l politsiyasi bo‘limlaridan birining xodimi bo‘lib, voqea sodir bo‘lgan paytda hushyor bo‘lgan.

«Moskovskiy komsomolets» yozganidek, 4 va 7 yoshli tojikistonlik ikki aka-uka va 5 yoshli o‘zbekistonlik mashina g‘ildiraklari ostida qolgan. Ularning barchasi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Qayd qilinishicha, jabrlangan tojikistonliklarning ota-onasi migrantlar: otasi ishsiz, onasi kassir bo‘lib ishlaydi. O‘zbekistonlik bolaning otasi ham ishsiz ekani ta’kidlangan.

Voqea yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: