Ish va dam olish o‘rtasidagi muvozanat. Yevropaning qaysi davlatlari bu borada yetakchi?

Jahon 16:22 / 16.09.2024 5379

MattressNextDay kompaniyasi tomonidan yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, haftada besh kun o‘rniga to‘rt kun ishlaydigan xodimlar tungi uyquda bir soat ko‘proq vaqt yutadi.

O‘rtacha yevropaliklar kuniga yetti soat uxlashga erishmoqda, ammo bu ko‘rsatkich ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanat, havo sifati va kunduzgi yorug‘lik miqdori kabi omillarga qarab farqlanadi.

Tadqiqot davomida Yevropaning 36 mamlakatidan olingan ma’lumotlar tahlil qilindi. Bundan maqsad qaysi mamlakatlarda ish va uyqu o‘rtasidagi muvozanat yaxshiroq, qaysi birida yomonroqligini aniqlash edi.

Ish va uyqu o‘rtasidagi muvozanat mahsuldorlik va salomatlikning kalitidir. Ish uchun uyqudan voz kechish ma’quldek tuyuladi, ammo haqiqat shundaki, to‘yib dam olmaslik diqqatimiz, ijodkorligimiz va qaror qabul qilish qobiliyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Sifatli uyqu kuchimizni tiklashga yordam beradi, natijada maksimal samaradorlik bilan ishlay olamiz va kun qiyinchiliklarini yengamiz. Faqat to‘g‘ri tuzilgan jadval bilan muvozanatga erishib bo‘lmaydi, uzoq muddatli muvaffaqiyat va farovonlik uchun yaxshi uyqu ham zarur”, — dedi MattressNextDay kompaniyasining ijrochi direktori Martin Sili Euronews’ga bergan intervyusida.

Niderlandiya — eng maqbul ish va dam olish rejimiga ega mamlakat

Niderlandiya ish vaqti va uyqu nisbati eng yaxshi bo‘lgan Yevropa mamlakatlari reytingida birinchi o‘rinni egalladi. 2016 yilgi Science Advances tadqiqotiga ko‘ra, niderlandiyaliklar o‘rtacha sakkiz soat-u besh daqiqa uxlaydi, ish yuklamasi esa eng kamlar qatorida bo‘lib, haftasiga o‘rtacha 32,2 soatni tashkil etadi.

Gallup tahlil kompaniyasining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, aynan shu ikki omil nima uchun Niderlandiyada ishdan qoniqish darajasi yuqoriligini tushuntiradi (undan ham yuqori daraja faqat Finlandiya, Daniya va Islandiyada kuzatilgan).

Bu, o‘z navbatida, kompaniyalarga xodimlarning ishdan ketishi oldini olishga, yangi ishchi olish va ularni o‘qitish uchun qo‘shimcha xarajatlardan qochishga yordam beradi. Bundan tashqari, Niderlandiyada xodimlar eng kam stressga duchor bo‘ladi. Masalan, Gretsiya, Malta va Kipr bu reytingning quyi pog‘onalarida turibdi.

Niderlandiyaliklarning to‘g‘ri kun tartibiga rioya qilishga yordam beradigan odatlaridan biri — ertalabki qahvani ko‘chada ichish. Bu odat iloji boricha ko‘proq tonggi quyosh nurini olish imkonini beradi. Bunday amaliyot sirkad ritmini (inson organizmi funksiyalarining sutka davomida bir maromda o‘zgarib turishi) tartibga solishga, uyqu sifatini yaxshilashga va faoliyat samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Avstriyada ham ish va uyqu o‘rtasidagi muvozanat juda yaxshi: MedUni Wien ma’lumotlariga ko‘ra, avstriyalik xodimlar haftasiga o‘rtacha 33,6 soat ishlaydi, yetti-sakkiz soat uxlaydi.

Bu mamlakatda nafaqat ish haftasi nisbatan qisqa, balki ish vaqtidan tashqari vazifalar ham sezilarli darajada cheklangan. Bundan tashqari, ba’zi kompaniyalar xodimlariga moslashuvchan ish jadvalini taklif etadi.

Norvegiyaliklar ko‘p vaqtini ochiq havoda o‘tkazadi

Norvegiya ham ish va uyqu o‘rtasidagi maqbul nisbatga ega mamlakatlar safiga qo‘shilgan. O‘rtacha norvegiyalik haftasiga 33,9 soat ishlaydi. E’tiborli jihati shundaki, norvegiyaliklar ochiq havoda vaqt o‘tkazishni va chang‘i sporti, sayr qilish hamda kayakda suzish kabi turli xil faol dam olish turlarini yoqtiradi. Bu odatning hatto o‘z nomi ham bor — Frilutsliv, “ochiq havoda hayot” degan ma’noni anglatadi.

Ushbu omillar salomatlikni mustahkamlaydi (masalan, qon bosimi va D vitamini darajasini normallashtiradi) va uyquga ijobiy ta’sir qiladi, shuningdek, stressni kamaytirib, kayfiyatni yaxshilaydi.

Norvegiyaliklarning yotoqxonalarida harorat salqin saqlanadi, bu ham uyqu sifatini yaxshilaydi. Odatda, oilalardagi juftlikning har birida alohida ko‘rpa bo‘ladi, bu esa uyg‘onishlar sonini kamaytiradi. Saunaga borish an’anasi ham uyqu sifatini oshiradi.

Turkiya va Serbiyada ko‘p ishlab, kam uxlashadi

Turkiya, Serbiya va Chernogoriya ish va uyqu o‘rtasidagi eng yomon muvozanatga ega davlatlar qatoriga kiradi.

Turklar Yevropada eng ko‘p ishlaydigan millat bo‘lib, mamlakatda o‘rtacha ish haftasi 44,2 soatni tashkil etadi. Shu sababli, dam olish va hordiq chiqarish uchun juda oz vaqt qoladi.

ScienceDirect tomonidan 2021 yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, pandemiya davrida Turkiya aholisining uyqusini buzuvchi asosiy omillardan biri stress bo‘lgan. Aniqlanishicha, bu holat erkaklarda, shuningdek, oilali va farzandli kishilarda yaqqolroq namoyon bo‘lgan.

Mamlakatdagi beqaror iqtisodiy vaziyat ham dam olishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yuqori inflatsiya darajasi, tez sur’atda oshib borayotgan foiz stavkalari, ishsizlikning yuqori darajasi va uy-joy narxlarining osmonga chiqib ketgani — bularning barchasi xodimlarni o‘zi va oilasi uchun eng zarur narsalarni ta’minlash maqsadida ko‘proq va uzoqroq ishlashga majbur etmoqda. Turkiyada ishdan qoniqish darajasi atigi 61 foiz ekani ajablanarli emas.

“Yalqov chernogoriyaliklar” haqidagi stereotipga qaramay, Chernogoriya ish haftasining davomiyligi bo‘yicha Yevropada ikkinchi o‘rinni egallaydi — o‘rtacha 43,4 soat. Bu qisman Bolqon an’analari ta’sirida mamlakatda shakllangan mehnat madaniyati bilan izohlanadi, unda yoshi kattalar va iyerarxik tuzilmalar qadrlanadi.

Shu munosabat bilan, chernogoriyalik xodimlar katta yoshdagi hamkasblari va rahbarlari bilan muloqotda ish-shaxsiy hayot muvozanatiga oid chegaralarni o‘rnatish, ularga rioya qilishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Ular uchun ish vaqtidan tashqari, bayram va dam olish kunlarida ishlashni rad etish, shuningdek, lavozim majburiyatlaridan tashqari vazifalarni bajarishdan bosh tortish oson emas. Oqibatda, uyqu va dam olish ko‘pincha ikkinchi darajali bo‘lib qolmoqda.

Biroq aprel oyida mahalliy hokimiyat ish kunini bir soatga qisqartirishni e’lon qilish orqali muammoni hal qilishga kirishdi.

Serbiyada ham ish haftasi nisbatan uzoq bo‘lib, 41,7 soatni tashkil etadi. Turkiyaliklar singari serb ishchilari ham pandemiya davrida jiddiy uyqu muammolariga duch keldi. 2022 yilda o‘tkazilgan Milliy tibbiyot kutubxonasi tadqiqotiga ko‘ra, pandemiyaning uchinchi to‘lqini paytida G‘arbiy Bolqon mamlakatlaridagi yoshlarning qariyb yarmi uyqu tartibining buzilishidan aziyat chekkan. Bu holat, ayniqsa, ayollar orasida ko‘proq kuzatilgan.

Serblar orasida depressiya va uyqu apnoesi (uyquda 5-60 soniya nafas olish to‘xtab qolishi) ham juda keng tarqalgan.

Mahalliy Hemofarm farmatsevtika kompaniyasi tomonidan 2022 yilda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, serblarning 31 foizi salbiy o‘y-xayollar va qo‘rquvlar tufayli uyqu muammolariga duch kelishini ma’lum qilgan. Yana 34 foizi esa kundalik tashvishlar ularning uyquga ketishiga xalaqit berishini ta’kidlagan.

Ish haftasining uzaytirilishi nafaqat mehnat unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki yuqori qon bosimi, tushkunlik va qandli diabet kabi sog‘liq muammolari paydo bo‘lishi xavfini oshirishi mumkin.

Qanday omillar yaxshi uyquni ta’minlaydi?

Yaxshi uyquga bir necha omillar ta’sir ko‘rsatishi mumkin, jumladan, xonadagi sharoit va harorat. Xona qanchalik salqin va qorong‘i bo‘lsa, uyqu shunchalik chuqur bo‘ladi. Mutaxassislar uyqudan taxminan bir soat oldin gadjetlardan foydalanishni to‘xtatishni, shuningdek, telefon budilnigi o‘rniga oddiy uyg‘otkichdan foydalanishni tavsiya etadi.

Shuningdek, uyqudan oldin tamaki, kofein va alkogol iste’mol qilishdan voz kechish foydali hisoblanadi.

Ammo yaxshi uyquning eng oddiy va ayni paytda eng muhim omillaridan biri bo‘lgan to‘g‘ri to‘shak va yostiq tanlash e’tibordan chetda qolmasligi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: