Inbazar do‘konida xodimni urgan qorovul 7 sutkaga qamaldi

O‘zbekiston 19:39 / 16.09.2024 9529

Toshkentdagi Inbazar do‘konida xodimni urgan qorovul Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybdor, deb topilib 7 sutkaga qamaldi. Bu haqda 16 sentabr kungi sud majlisidan Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Sudda, shuningdek, zo‘ravonlik holatini tasvir olib turgan do‘konning yana bir xodimiga ham yuqoridagi modda asosida 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 14 sentabr kuni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi yirik savdo markazlaridan biri bo‘lmish Inbazar'ning Sergeli tumanidagi savdo markazi mas’uli Mehroj ismli xodimini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Ko‘p o‘tmay tarmoq rahbari videomurojaat qilib, zo‘ravonga jazo ko‘rilishini aytib chiqdi.

Shundan so‘ng, rahbarning o‘zi ishchilariga zo‘ravonlik qilgani, kaltaklagani aks etgan videolar ham tarqaldi. Toshkent shahar IIBB zo‘ravonlik aks etgan holatlar eski bo‘lib, hech kim ariza bilan murojaat qilmaganini bildirdi. Rasmiylarga ko‘ra, Inbazar asoschisi Omadbek Holmatovga nisbatan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Kun.uz ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan voqealar xronologiyasi keltirib o‘tgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: