Eronda Mahsa Aminiy vafotining ikki yilligi munosabati bilan namoyishlar o‘tkazildi

Jahon 07:52 / 16.09.2024 12531

Eronda 15 sentabr, yakshanba kuni kurd qiz Mahsa Aminiy o‘limining ikki yilligi munosabati bilan ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bir kun avval mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilganiga qaramay, odamlar qizning xotirasini yod etish uchun ko‘chalarga chiqdi. Eron poytaxti va Aminiyning ona shahri, Kurdiston viloyatidagi Saqqez politsiya va xavfsizlik xodimlari tomonidan qattiq nazoratga olingan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yosh namoyishchilar eronlik qo‘shiqchi Shervin Hajipurning ikki yil avval Mahsa Aminiy vafotidan keyin ayollar huquqlari harakati madhiyasiga aylangan «Ayol, hayot, ozodlik» qo‘shig‘ini kuylagan. Marhum qizning oila a’zolariga uning qabrida motam marosimini o‘tkazishga ruxsat berilmagan, qabristonga yaqinlashish politsiya xodimlari tomonidan nazorat qilingan. Aminiyning ota-onasi uy qamog‘iga olindi.

Eronning Evin qamoqxonasidagi ayol mahbuslar norozilik namoyishlariga birdamlik sifatida ochlik e’lon qildi. «Bugun Evin qamoqxonasidagi 34 nafar siyosiy mahbus ayol «Ayol, hayot, ozodlik» harakati va Mahsa Aminiy o‘ldirilishining ikki yilligi munosabati bilan ochlik e’lon qilishdi», dedi eronlik inson huquqlari faoli, tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Nargiz Muhammadiy tashkiloti.

Parijda yuzlab odamlar ayollar harakati va Eron muxolifatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shahar bo‘ylab yurish qilib, Aminiyga hurmat bajo keltirdi. Marshda Eronda josuslik uchun nohaq hibsga olingan Fransiya fuqarosi Benjamin Briyer ham ishtirok etdi. Briyer 2023 yilning may oyida Eron qamoqxonasidan ozod qilingan. Parij Eron hukumatini xalqaro maydonda o‘z manfaatlari yo‘lida muzokaralar olib borish uchun xorijlik garovga olinganlardan foydalanganlikda ayblaydi.

Mahsa Aminiyning qo‘lga olinishi va o‘limi

22 yoshli kurd qiz Mahsa Aminiy 2022 yil 16 sentabrda bosh kiyimni noto‘g‘ri o‘rashda ayblanib, axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng vafot etdi. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, qizda yurak xuruji kuzatilgan. Qarindoshlari, o‘z navbatida, Mahsaning yuragi bilan bog‘liq muammo yo‘qligini ta’kidlab, uning o‘limi sababini hibsda kaltaklangani deb atagan.

Aminiyning dafn marosimidan so‘ng Eron g‘arbida «Ayol, hayot, ozodlik» shiori ostida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Ko‘p oylar davomida tartibsizliklar davom etdi. Nohukumat tashkilotlarga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida 550 dan ortiq namoyishchi halok bo‘lgan, yetti kishi qatl etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: