Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon 16 sentabr kuni o‘z mamlakati yadroviy dasturni faqat ilmiy-texnik maqsadlarda ishlab chiqishini, yadro qurolini yaratish uchun emasligini aytdi. Bu haqda IRIB telekanaliga tayanib TASS xabar berdi.
«O‘ylaymanki, biz buni (yadro qurolini yaratishni) istamasligimizni ko‘p marta aytdik, biz yadroviy qurol yaratish yo‘llarini qidirmayapmiz», dedi u.
Shu bilan birga, u Tehron hech qachon raketa dasturidan voz kechmasligini, chunki mintaqadagi boshqa kuchlarni tiyib turish zarurligini ta’kidladi.
«Agar bizda raketalar bo‘lmasa, raqiblarimiz G‘azoda bo‘lgani kabi bizni xohlagan vaqtda bombalaydi», deb ta’kidladi u.
2015 yilda Eron va xalqaro vositachilar «oltiligi» – BMT Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosi bilan Germaniya – Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini (QHR) tuzdilar, unga ko‘ra Tehron xalqaro va bir tomonlama sanksiyalarni bekor qilish evaziga o‘z yadroviy dasturini rivojlantirishni cheklashi shart edi.
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp 2018 yilda Qo‘shma Shtatlarni ushbu kelishuvdan bir tomonlama chiqarib tashladi va Eronga qarshi sanksiyalarni tikladi, bu esa Tehronni kelishuvning ayrim shartlarini bajarishdan asta-sekin voz kechishga undadi.
Tramp o‘rniga kelgan Jo Bayden ma’lum shartlar ostida kelishuvga qaytishga tayyorligini ma’lum qildi. Eron, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Fransiya va Rossiya Venada kelishuvni tiklash maqsadida bir necha raund muzokaralar o‘tkazdi, ammo ular hech qanday aniq natija bermasdan to‘xtatildi.