Venesuela AQShni mamlakatda davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda aybladi

Jahon 20:00 / 15.09.2024 2124

Venesuelada davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanib olti nafar chet el fuqarosi qo‘lga olindi. Hukumat mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga AQShning aloqasi borligini ta’kidlamoqda.

Qo‘lga olingaylar orasida uch nafar Qo‘shma Shtatlar, ikki nafar Ispaniya va bir nafar Chexiya fuqarosi bor. Venesuela ichki ishlar vaziri Diosdado Kabeloning so‘zlariga ko‘ra, ushbu xorijliklar mamlakat rahbari Nikolas Maduro va uning hukumatiga qarshi «zo‘ravonlik akti»ni tayyorlagan.

Huquq-tartibot organlari gumonlanuvchilardan Amerikada ishlab chiqarilgan 400 dan ortiq qurollarni musodara qilgan. «AQSh hukumatining bu ishga aloqasi borligini bilamiz», — deydi vazir. Bundan tashqari, Kabelo matbuot anjumani davomida Fransiya va Sharqiy Yevropa yollanma jangchilari Venesuelaga hujum uyushtirishni rejalashtirganini eslab o‘tgan.

AQSh Davlat departamenti vakili Venesuela hukumatining barcha ayblovlarini rad etib, ularni «mutlaqo yolg‘on» deb atadi. Shu bilan birga, Amerika tomoni Venesuelada AQSh qurolli kuchlari harbiy xizmatchisi hibsga olinganini tasdiqladi.

Karakas va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar iyul oxirlarida Venesuelada o‘tkazilgan prezidentlik saylovlaridan keyin keskinlashdi. Xalqaro tanqidlar va muxolifatning ovoz berish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatilgani borasidagi ayblovlariga qaramay, Nikolas Maduro prezident etib saylandi. AQSh va Yevropa Ittifoqi Maduroning legitimligini qabul qilishdan bosh tortdi, mamlakatda esa ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi.

Ko‘proq yangiliklar: