1999 yil 4 sentabr kuni Bo‘ynoq shahrida, 8-9 sentabr kunlari ikki marta Moskvada, 16 sentabr kuni Volgodonskda ko‘p qavatli uylarda portlash sodir bo‘ladi.
Oqibatda, 307 kishi halok bo‘ladi, 1700 kishi turli darajada jarohatlanadi, ko‘plab oilalar boshpanasiz qoladi.
O‘shanda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) portlashlarni chechen jangarilari uyushtirganini aytib chiqadi va ko‘p o‘tmay Rossiya armiyasi Ikkinchi chechen urushini boshlash uchun Chechenistonga bostirib kiradi.
12 kun ichida to‘rtta ko‘p qavatli uyning portlatilishi Rossiyada ko‘p qavatli uylarda yashovchilar orasida vahimalarni keltirib chiqaradi.
Juda ko‘p shaharlarda odamlar tungi navbatchilik tashkil etadi va uylarni o‘zlari qo‘riqlay boshlaydi. Ana shunday kunlarning birida Ryazanda juda shubhali bir hodisa sodir bo‘ladi.
Bu hodisa tarixda «Ryazan shakari» nomi bilan qolgan va u haqda hanuzgacha bir-biriga qarshi gaplar yuradi.
Ryazandagi hodisa
1999 yil 22 sentabr. Ryazan shahridagi Novoselov ko‘chasida joylashgan 14-ko‘p qavatli uyda yashovchi Aleksey Kartofelnikov uy atrofida uch nafar shubhali shaxsni ko‘rib qoladi.
Ikki erkak va bir ayol yengil mashinadan shubhali qoplarni ko‘p qavatli uyning yerto‘lasiga olib tushayotgan edi. Mashina raqamlari yopib qo‘yilgani uchun uning qaysi hududga tegishli ekanini bilib bo‘lmasdi.
Aleksey darhol militsiyaga qo‘ng‘iroq qiladi. 40 daqiqadan so‘ng yetib kelgan militsiya xodimlari yerto‘laga tushib u yerda noma’lum modda solingan uchta qop topadi. Bungacha shubhali shaxslar u yerdan ketib bo‘lgandi.
Militsiya xodimlari shubhali qoplar haqida darhol bo‘limga xabar beradi. Ko‘p o‘tmay hodisa joyini viloyat IIB xodimlari o‘rab oladi. Ko‘p qavatli uyda yashovchilar darhol evakuatsiya qilinadi.
Qopdagi narsa tekshirib ko‘rilganda u portlovchi modda – geksogen ekani aniqlanadi. Bundan tashqari, qopdagi modda orasidan peyjyer ko‘rinishidagi elektron soat, uchta quvvatlantirish batareyasi va ularga ulangan simlar topiladi.
Portlovchi modda orasidagi uskuna tonggi soat 5:30 da ishlab ketishga belgilangan, chaqnash yo‘li bilan uskunani harakatga keltirish uchun ovchilar foydalanadigan 12-kalibrli patron qo‘yilgan ekan.
Tekshiruvlar shuni anglatadiki, kimlardir Ryazandagi 14-ko‘p qavatli uyni portlatishni maqsad qilgan va bu ish Aleksey Kartofelnikovning hushyorligi tufayli amalga oshmay qoladi.
Qoplardagi portlovchi moddamidi yoki shakar?
Yerto‘ladagi qoplar ertalab Fuqaro mudofaasi hovlisiga olib boriladi. So‘ng uning namunalari Ichki ishlar vazirligi ekspert-kriminalistika markazi va FXX laboratoriyasiga yuboriladi.
Hodisa yuzasidan FXXning Ryazan viloyati boshqarmasi tomonidan Rossiya jinoyat kodeksining 205-moddasi (Suiqasd va terrorizm) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
23 sentabr kuni Rossiyada faoliyat olib borayotgan bir qator davlat va xususiy telekanallar hamda radiolarda Ryazandagi hodisa haqida gapiriladi.
Jumladan, ORT telekanalida berilgan lavhada shunday deyiladi:
«Bugun tunda Ryazan shahar Novoselov ko‘chasidagi turar joy massivlaridan biridagi 12 qavatli bino aholisi shoshilinch ravishda evakuatsiya qilindi. Uy yerto‘lasidan uch qop modda topildi va u tekshirib ko‘rilganda geksogen ekani aniqlangan. Shuningdek, hodisa joyida vaqti soat 5:30 ga o‘rnatilgan portlatish uskunasi ham chiqqan. Shahar politsiyasi mutaxassislari uy yerto‘lasidan topilgan moddalarni portlatish sinovini o‘tkazdi. Ammo aralashma portlamadi. Hozir qopdagi moddalar ekspertiza uchun yuborilgan».
ORT telekanalining jonli efirida Ryazan shahar Oktyabr tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Sergey Kabashov: «Bu portlovchi moddami yoki boshqa narsami, buni ekspertiza ko‘rsatadi», deydi.
23 sentabr kuni «Vesti» informatsion dasturida hodisa haqida shunday xabar beriladi:
«Shahar politsiyasining portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassislari dastlabki tahlillarni o‘tkazdi va qoplarda geksogen borligi tasdiqlandi. Hozir qoplar uning ichidagi modda haqida aniq xulosa olish uchun FXXning Moskva laboratoriyasiga yuborildi».
O‘sha paytda Rossiya bosh vaziri lavozimida bo‘lgan Vladimir Putin Rostov shahrida safarda edi. 23 sentabr kuni soat 17:00 atrofida u hodisa haqida shunday deydi:
«Ryazandagi voqealarga kelsak. Menimcha, bu qandaydir hazil emas. Agar portlovchi moddalar solingan bu qoplarni sezib qolishgan bo‘lsa – bu aholining bugungi kunda mamlakatda ro‘y berayotgan voqealarga to‘g‘ri munosabatda bo‘layotgani va hushyorligi alomati hisoblanadi. Men sizning savolingizdan foydalanib, buning uchun mamlakat aholisiga minnatdorchilik bildiraman. O‘lganlarni qutqara olmaganimiz uchun odamlardan qarzdormiz. So‘nggi hodisa bo‘yicha odamlarning munosabatlarini kuzatyapmiz va bu uchun ulardan minnatdormiz. Bu munosabatlar juda to‘g‘ri. Vahima yo‘q, banditlarga yumshoqlik yo‘q. Bu ular bilan oxirigacha, g‘alabagacha kurashish kayfiyatidir. Biz buni, albatta, amalga oshiramiz».
23 sentabr kuni kechga borib Ryazanda topilgan portlovchi moddalar haqidagi gaplar o‘zgara boshlaydi. Jumladan, soat 19:35 da NTV telekanalida efirga berilgan «Kun qahramoni» ko‘rsatuvida FXXning jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aleksandr Zdanovich mehmon bo‘ladi.
Uning ta’kidlashicha, dastlabki xulosalarga ko‘ra, Ryazanda topilgan sumkalarda portlovchi modda va uskuna bo‘lmagan. Faqat «portlovchi moddaning ayrim elementlari» topilgan.
Shuningdek, NTV telekompaniyasida berilgan lavhada ekspertiza chog‘ida shubhali qoplardan portlovchi moddalar topilmagani aytiladi.
Ryazanda topilgan shubhali qoplar bo‘yicha eng qiziq gap 24 senyabr kuni Rossiya ichki ishlar vazirligida jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda aytiladi.
Unda so‘zga chiqqan Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Rushaylo jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurash masalalarida gapirib, Ryazandagi hodisa haqida shunday deydi:
«Ijobiy o‘zgarishlar bor. Kecha Ryazandagi turar joy binosi portlatilishining oldi olingani shundan dalolat beradi».
Rushayloning bu bayonotidan yarim soat o‘tgach, o‘sha paytda FXX direktori lavozimida ishlagan Nikolay Patrushev Federal xavfsizlik xizmati Ryazanda terrorizmga qarshi mashg‘ulotlar o‘tkazgani va qoplarda hech qanday portlovchi modda bo‘lmaganini ma’lum qiladi.
1999 yil 4 oktyabr kuni «Novaya gazeta – Ponedelnik» gazetasi FXXning Ryazan shahar bo‘limi shubhali mashina haqida birinchi bo‘lib politsiyaga xabar bergan Aleksey Kartofelnikov va soxta terrorchilarning telefon qo‘ng‘iroqlari haqida xabar bergan shahar aloqa bo‘limi xodimi Yuxnovani qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlagani haqida xabar beradi.
Gazetada Yuxnovaning shunday so‘zlari keltirilgandi:
«Menda kasbiy burch muhim rol o‘ynadi. Shubhali suhbatni eshitib qoldim. Ular Moskvaga qo‘ng‘iroq qildi: «Birin-ketin chiqib ketinglar, hamma joyda reyd bo‘lyapti...» Men darhol suhbat haqida rahbariyatga xabar berdim, keyin nima bo‘lganini o‘zingiz bilasiz... Albatta, o‘quv mashqlari kerak. Lekin bunday tarzda emas. Odamlar bilan yumshoqroq ishlash kerak. Hali ham hamma stressda ...»
FXX Ryazandagi hodisaga aloqador edimi?
Ryazanda topilgan qoplardagi modda avvaliga portlovchi modda deyiladi. Keyinchalik FXX o‘quv mashg‘ulot o‘tkazgani va qoplarda oddiy shakar bo‘lgani aytiladi.
Shuningdek, Rushayloning bayonoti va boshqa ko‘plab gap-so‘zlar odamlarda shubha tug‘diradi. Omma orasida FXX nafaqat Ryazandagi ishga, balki Bo‘ynoq, Moskva va Volgodonsk shaharlaridagi portlashlarga ham aloqador degan mish-mishlar tarqaydi.
2000 yil kuzida NTV telekanalida namoyish etiladigan «Mustaqil tergov» ko‘rsatuvlaridan birida Ryazandagi o‘sha uyning aholisi va FXX xodimlari o‘rtasida munozara bo‘lib o‘tadi.
Ko‘p qavatli uyda yashovchilar nomidan Aleksey Kartofelnikov va boshqalar gapiradi. FXX pozitsiyasini o‘sha paytda FXXning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limini boshqargan Aleksandr Zdanovich, Aleksandr Sergeyev va Stanislav Voronov gapirishadi.
Shuningdek, munozarada yozuvchi Konstantin Preobrajyenskiy, portlovchi moddalar bo‘yicha ekspert Rafayel Gilmanov, professor Aleksandr Portnov, huquqshunos Pavel Astaxov va boshqalar ishtirok etadi.
Keyinchalik, ko‘rsatuv boshlovchisi Nikolay Nikolayev FXX vakillarining «dalillari»ni juda zaif deb ataydi va ular ko‘p qavatli uyda yashovchilarni so‘zlariga ishontira olmaganini ta’kidlaydi. Bu gapdan so‘ng Nikolayev FXX tomonidan doimiy kuzatuv ostiga olinadi va boshlovchi bir muddat xorijga chiqib ketishga majbur bo‘ladi.
FXXning teraktlarga aloqadorligi versiyasini qo‘llab-quvvatlovchilar Ryazanda shubhali qoplarni ko‘p qavatli uyning yerto‘lasiga joylagan shaxslarning qo‘lga olinishini misol tariqasida keltiradi.
Ularga ko‘ra, Ryazan viloyati IIB xodimlari tomonidan shubhali qoplarni ko‘p qavatli uy yerto‘lasiga joylagan ikki erkak va bir ayol ko‘p o‘tmay qo‘lga olinadi.
Dastlabki surishtiruvdayoq ular FXXning bosh idorasida ishlashi aniq bo‘ladi va Moskvadan ularni ozod qilish talab etiladi. Militsiya ularni qo‘yib yuboradi.
2002 yilda rossiyalik taniqli jurnalist Rustam Orifjonov «Sovershenno sekretno» gazetasida Ryazan hodisasi haqida batafsil maqola chop etadi. Unda militsiya tomonidan hibsga olinganlar haqida hech narsa deyilmagan. Biroq boshqa qiziqarli ma’lumotlar bor.
Ushbu maqolaga ko‘ra, uch nafar FXX zobiti Ryazandagi ko‘p qavatli uyga portlovchi modda solingan qoplarni joylashtirgandan so‘ng oradan bir kun o‘tib, 1999 yil 23 sentabrda Moskvaga qo‘ng‘iroq qiladi.
So‘ng ular FXX bosh idorasining ko‘rsatmasi bilan belgilangan joyga zudlik bilan etib borish to‘g‘risida ko‘rsatma oladi va Ryazanni turli yo‘llar orqali, boshqa-boshqa vaqtlarda tark etadi. Shahar aloqa bo‘limi xodimi Yuxnova ularning telefondagi suhbatini eshitib qolib, «tegishli joy»ga xabar bergandi.
24 sentabr kuni Patrushev tomonidan «Ryazanda o‘quv-mashg‘uloti o‘tkazilgani» haqidagi bayonot «Ryazan operatsiyasi»ga boshchilik qilgan guruh komandiri tomonidan FXX bosh idorasiga berilgan hisobotdan keyin gapirilgan.
2002 yilda Rossiyalik taniqli milliarder Boris Berezovskiy tomonidan moliyalashtirilgan Liberal Rossiya partiyasi tashabbusi bilan 1999 yilda Rossiyada ko‘p qavatli uylarda sodir bo‘lgan portlashlar va Ryazan shahridagi hodisani taftish qilish komissiyasi tuziladi. Unga Duma deputati Sergey Kovalyov rahbarlik qiladi.
Komissiya yig‘ilishlaridan biri haqida FXX Jamoatchilik bilan aloqalar markazi shunday deydi: «Biz shubhali odamlarning reklama kampaniyasida qatnashish niyatimiz yo‘q, ular bilan tortishuvlarga kirishmoqchi ham emasmiz».
Portlashlar va Ryazandagi hodisa haqida muqobil versiyalar
Ko‘pgina tadqiqotchilar va jurnalistlar uzoq yillardan buyon (hodisaga 25 yil bo‘ldi) rasmiy tergov natijalari bilan rozi emas va portlashlar FXX tomonidan tashkil etilgan degan versiyani qo‘llab-quvvatlamoqda.
1999 yil 4-16 sentabr kunlari Rossiyada turar joy binolarida sodir bo‘lgan portlashlar haqidagi muqobil nazariyalar voqealarning rasmiy versiyasidan keskin farq qiladi.
Rasmiy versiyaga ko‘ra, uylarning portlashlarini chechenlarning «Kavkaz» o‘quv markazining noqonuniy qurolli guruhi rahbarlari uyushtirgan. Hattob va Abu Umar va ular tomonidan yollangan Shimoliy Kavkaz jangarilari guruhlari tomonidan amalga oshirilgan.
Eng keng tarqalgan versiyaga ko‘ra, 1999 yil sentabr oyida turar joy binolaridagi portlashlar Rossiya rasmiylari, shu jumladan FXX tomonidan uyushtirilgan.
Ushbu versiya tarafdorlari portlashlar amaldagi hokimiyat uchun foydali bo‘lgan va aksincha, jangarilar uchun umuman foyda keltirmagan deb hisoblashadi.
Ta’kidlanishicha, aynan portlashlardan keyin Vladimir Putin o‘z reytingini oshirishga va natijada 2000 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan.
Bu versiyani ilgari suradiganlar Rossiya nega bu ishni qilganiga ikkita omilni keltiradi. Birinchisi, aynan shu portlashlar tufayli FXX Rossiya siyosiy hayotidagi rolini kuchaytirib olgan.
Ikkinchi omil, Rossiyaning Ikkinchi chechen urushini boshlashi uchun oqlovlar. Ya’ni «mana, chechen terrorchilari Rossiyada aholini tinch yashashga qo‘ymayapti, biz ularga qarshi chora ko‘rishga majburmiz», qabilida.
Portlashlarni FXXning o‘zi uyushtirgan degan versiyalar avvaliga ancha ishonchsizday tuyuladi. Biroq 2001 yilda tarixchi Yuriy Felshtinskiy va sobiq FXX zobiti Aleksandr Litvinenko tomonidan «FXX Rossiyani portlatmoqda» degan kitob e’lon qilingach shubhalar yanada kengroq tarqaldi.
Ma’lumot uchun, Aleksandr Litvinenko 1998 yil dekabrda FXXdan ishdan bo‘shatilgach, 2000 yilda Britaniyadan siyosiy boshpana olgan va Londonga ko‘chib o‘tgandi. Keyinchalik 2006 yilda uni Londonda plutoniy bilan zaharlab o‘ldirishadi. Britaniya politsiyasi sobiq FXX xodimining o‘limida Rossiya tomonini ayblab chiqqandi.
Tarixchi va Litvinenko hamkorlikda yozgan kitob ilk marta «Novaya gazeta» gazetasining maxsus sonida chop etiladi. Kitobda Litvinenko mutlaqo maxfiy hisoblangan juda ko‘p ma’lumotlarni oshkor qilgan.
Litvinenkoga ko‘ra, portlashlarga chechen terrorchilarining ham aloqasi bor. Biroq operatsiyalar FXXning yo‘l-yo‘rig‘i bo‘yicha davom ettirilgan. Ya’ni terrorchilar FXXga xizmat qiladigan hammaslaklarining ko‘rsatmalari bilan ishlagan.
Portlashlarga FXX aloqador deydiganlarning yana bir «dalili» – chechen terrorchilarining birorta guruhi portlashlarga aloqasi borligini tan olmagan.
2003 yilda FXXning yana bir sobiq xodimi Mixail Trepashkin Ryazandagi uy yerto‘lasiga geksogen moddasini joylashtirgan shaxslarning fotorobotlari almashtirib qo‘yilganini aytib chiqdi.
Trepashkin fotorobotdagi shaxslardan birini taniganini, u FXX xodimi Vladimir Romanovich ekanini, keyinroq esa Romanovichning fotoroboti boshqa surat bilan almashtirib qo‘yilganini aytgandi.
Rossiya va FXXning ayblovlarga munosabati
Moskva meri Yuriy Lujkov birinchilardan bo‘lib portlashlarga FXXning aloqadorligini yolg‘on deb chiqqandi. U portlash oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarda aktiv ishtirok etganini va ularda «chechenlar izi» borligini aytgandi:
«Ushbu teraktlarning mohiyati ma’lum. O‘sha paytda FXXda mavjud bo‘lgan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, ularni amalga oshirgan shaxslarning shaxsi aniqlangan. Bu, albatta, Checheniston».
Lujkovning fikricha, Bo‘ynoq, Moskva va Volgodonskda sodir bo‘lgan portlashlarda hokimiyatning ishtiroki haqidagi nazariya «siyosat maydoniga qaytishni maqsad qilgan» Boris Berezovskiy tomonidan o‘ylab topilgan.
Shuningdek, rossiyalik yana bir taniqli siyosatchi Anatoliy Chubays Berezovskiy tomonidan aytilgan «portlashlarga FXX va Rossiya hukumatining ishtiroki» haqidagi gaplarga qo‘shilmasligini ma’lum qilgan.
FXXning jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Andrey Laryushin FXX portlashlar haqidagi savollarga bir necha marta javob berganini, FXXning saytiga kirib portlashlar bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruvlar haqida ma’lumotlarni ko‘rish mumkinligini aytgan.
U Berezovskiy omma e’tiborini o‘z partiyasiga qaratish va uning obro‘sini oshirish uchun portlashlarni Rossiya hukumati va FXXga bog‘laganini qo‘shimcha qilgan.
Moskva, Bo‘ynoq va Volgodonskdagi portlashlarga hamda Ryazanda sodir bo‘lgan hodisaga 25 yil bo‘ldi. Biroq ular atrofidagi bahslar hamon tingani yo‘q. Hanuzgacha o‘sha fojialar haqida turli fikrlar aytiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.