Zelenskiy: Rossiya noyabrda bo‘lib o‘tadigan yangi tinchlik sammitiga taklif qilinadi

Jahon 15:35 / 14.09.2024 3484

2024 yilning noyabriga mo‘ljallangan navbatdagi Global tinchlik sammiti tashkilotchilari Rossiyani taklif qilmoqchi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning 13 sentabr, juma kuni Kiyevdagi matbuot anjumanida ma’lum qilgani haqida Fransiyaning Le Monde gazetasi xabar berdi. Bundan tashqari, yillik «Yalta Yevropa strategiyasi» yig‘ilishi oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Zelenskiy sentabr oyida AQSh prezidenti Jo Bayden bilan Rossiya boshlagan urushni tugatish bo‘yicha «g‘alaba rejasi»ni taqdim etish uchun yangi uchrashuv o‘tkazishini e’lon qildi.

Nashrning qayd etishicha, Zelenskiy hech qanday tafsilotlarni keltirmagan. Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, uning taklifi «Ukrainaga urushni tinchlikka yo‘naltirish uchun yetarli kuch beradigan o‘zaro bog‘liq yechimlar tizimini» o‘z ichiga oladi, deb yozadi gazeta.

Kiyev AQShdagi saylovlar oldidan yana tinchlik sammiti o‘tkazmoqchi

Iyul oyi boshida Bloomberg agentligi Ukraina 2024 yil noyabriga rejalashtirilgan AQSh prezidentlik saylovlari oldidan Rossiya bilan harbiy mojaroni adolatli, tinch yo‘l bilan hal etishga erishish uchun yangi konferensiya o‘tkazishga va Rossiya Federatsiyasini uchrashuvga taklif qilishga intilayotgani haqida xabar berdi.

Ukraina rasmiylarining Amerika saylovlari oldidan uchrashuv o‘tkazish niyati, agar saylovlarda g‘alaba qozonsa, «Ukrainadagi urushni to‘xtatishi» bilan maqtangan «Donald Trampning Oq uyga qaytishi istiqboli» bilan bog‘liq. 

RF TIV: Rossiya tinchlik sammitlarida qatnashmoqchi emas

«Rossiya Ukraina tinchlik sammitlari kabi tadbirlarda ishtirok etish niyatida emas», dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin 11 iyul kuni «RIA Novosti» agentligiga. U buni potensial uchrashuvning mazmuni «juda aniq» ekani, unda Ukraina tinchlik formulasi ilgari surilishi va boshqa tashabbuslar «e’tiborsiz qoldirilishi» bilan izohladi.

Birinchi Global tinchlik sammiti joriy yilning iyun oyida Shveytsariyada bo‘lib o‘tdi va unda 90 dan ortiq davlat vakillari qatnashdi. Rossiya taklif etilmadi, bir qancha davlatlar quyi darajadagi delegatsiyalarni yubordi va Kiyevning global janubdagi muhim davlatlarni o‘z tomoniga tortishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi, chunki ba’zilari yakuniy bayonotni imzolashdan bosh tortdi.

Ko‘proq yangiliklar: