Olimlar 50 ming yil g‘orda izolyatsiyada yashagan neandertallar qoldiqlarini topdi

Jahon 23:49 / 14.09.2024 8091

Olimlar Fransiyaning Rona vodiysidagi g‘orlar tizimidan kamida 50 ming yil davomida izolyatsiyada yashagan neandertallar populyatsiyasi qoldiqlarini topdi, deb xabar beradi CNN.

2015 yilda arxeolog Lyudovik Slimak Rona vodiysidagi g‘ordan beshta tishni topib olganida u neandertalga tegishli ekanini darhol anglagan edi. Ammo «Xobbit»dagi Torin sharafiga nomlangan noyob topilma qariyb o‘n yil davomida deyarli sir saqlab kelingan. Bunga Slimak hamda uning hamkasblari qadimiy DNK bo‘yicha ekspertlar bilan fikrlar qarama-qarshiligiga borgani sabab bo‘lgan.

«Biz jiddiy muammoga duch keldik. Genetiklarning biz Torin deb atagan suyaklar 105 ming yil oldin yashagan neandertalga tegishli ekaniga ishonchi komil edi. Ammo arxeologik namuna uning yoshi 40-50 ming atrofida ekanini ko‘rsatib turardi», — deydi Fransiya Ilmiy tadqiqot milliy markazi tadqiqotchisi Slimak.

«DNK tahlili biz ko‘rgan narsalarga mos emasdi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Jamoa qariyb 10 yil davomida sirli neandertalning tarixini aniqlash ustida ish olib boradi. 11 sentabr kuni Cell Genomics jurnalida chop etilgan maqolada Torin taxminan 50 ming yil davomida izolyatsiyada qolib ketgan boshqa bir guruh neandertallarga mansub ekani aniqlangani haqida so‘z boradi. Ushbu genetik izolyatsiya Torinning DNKsi ancha oldingi ajdodlariga tegishli ekani to‘g‘risida xulosa chiqarilishiga sabab bo‘lgan.

Bunga qadar genetiklar neandertallar yo‘qolib ketgunga qadar ularning faqat bitta populyatsiyasi bo‘lgan deya hisoblardi, ammo yangi tadqiqotlar G‘arbiy Yevropada kamida ikkita populyatsiya bo‘lganini ko‘rsatib berdi — ular biriga juda yaqin hududda yashagan.

«Torinlar populyatsiyasi 50 ming yil davom etgan va boshqa neandertallar genlariga arlashmagan», — deyiladi xabarda. Slimakning ta’kidalshicha, mazkur yangilik neandertallar to‘dasi katta bo‘lmagani va izolyatsiyada yashaganiga dalil bo‘ladi oladi.

Ko‘proq yangiliklar: