Nyu-Yorkda qullikdan jabr ko‘rganlarning avlodlariga yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi. The New York Times’ning xabar berishicha, qonun doirasida maxsus komissiya tuzilib, uning a’zolari reparatsiya rejasini ishlab chiqadi.
Komissiya, shuningdek, qullikning oqibatlarini o‘rganishni ham o‘z zimmasiga oladi. Bular qatoriga jinoiy ta’qibdagi tengsizliklar, sifatsiz tibbiy xizmat ko‘rsatish va munosib ta’lim olish imkoniyati bo‘lmagani kabi masalalar kiradi.
Kompensatsiya sifatida jabrlanganlarning avlodlari nafaqat moliyaviy yordam oladi, balki ularning ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari ham oshiriladi. Bundan tashqari, hokimiyat vakillari ulardan rasmiy kechirim so‘raydi.
Ma’lumot uchun, 1862 yilda prezident Avraam Linkoln AQShda qullikni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Bu qaror 1863 yildagi qullarni ozod etish haqidagi e’lon bilan yanada mustahkamlandi. Ammo janubiy shtatlar buni tan olmagani sababli, 1865 yilda fuqarolar urushi yakunlanguniga qadar qullikni bekor qilish amalda kuchga kirmadi.
Qonun 1865 yil 1 fevralda AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 13-tuzatish bilan uzil-kesil e’lon qilingan bo‘lsa-da, dastlab shtatlarning to‘rtdan bir qismi uni ratifikatsiya qilmadi. Oxirgi bo‘lib Missisipi shtati 2013 yilda rasman qullikni bekor qildi.