“Urguttumangaz”ning chilangar-ta’minotchisi aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan suyultirilgan gazni sotib yubordi

O‘zbekiston 17:11 / 13.09.2024 4357

Urgut tumanida 110,7 mln so‘mlik suyultirilgan gazni o‘zlashtirgan chilangar-ta’minotchi aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.

Departamentning Urgut tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Urguttumangaz”ning suyultirilgan gaz xizmati chilangar-ta’minotchisi F.P. soxta hujjatlar rasmiylashtirib, aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 110,7 mln so‘mlik gazni boshqa shaxslarga sotib yuborgan va pullarni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, 2024 yil boshidan buyon Urgut tumanida aholiga suyultirilgan gaz normalarda belgilangan 45 kunda emas, 80-100 kunda bir marta tarqatilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: