Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maymunchechakka (Mpox) qarshi birinchi vaksinani tasdiqladi. Bavarian Nordic vaksinasi Daniyada ishlab chiqilgan, deb xabar berdi Reuters.
Preparat dastlabki saralash jarayonidan o‘tdi. Uning yordamida dori vositalarining rasmiy ro‘yxati shakllanadi.
«Maymunchechakka qarshi vaksinaning dastlabki kvalifikatsiyasi Afrikadagi hozirgi avj olish sharoitida ham, kelajakda ham ushbu kasallikka qarshi kurashimizdagi muhim qadamdir», dedi JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus.
JSST xabariga ko‘ra, Yevropa davlatlari, AQSh va Yaponiya chechakka qarshi ishlatiladigan vaksinaning 3,6 million dozasini xayriya qilishga va’da bergan. Vaksinatsiya 2 oktyabrdan boshlanishi kutilmoqda.
Bavarian Nordic vaksinasi 2022 yildan boshlab qo‘llanmoqda. AQSh va Yevropa regulyatorlari uni 2022 yilda butun dunyo bo‘ylab tarqalgan boshqa Mpox shtammiga qarshi qo‘llashni ma’qullagan edi. JSST bu jarayonni rasman joriy yilning avgust oyida boshladi va endi yakunladi.
Vaksinaning narxi taxminan 100 dollarga teng. U 18 yosh va undan katta odamlarda chechakka qarshi emlash uchun tasdiqlangan, ammo bolalar, homilador ayollar va immunitet tanqisligi bo‘lgan odamlarda epidemiya sharoitida qo‘llanilishi mumkin.
Maymunchechak epidemiyasi avvalroq JSST tomonidan xalqaro favqulodda holat deb e’lon qilingan edi. Ushbu infeksiya yaqin aloqa orqali yuqadi va odatda yengil alomatlarni keltirib chiqaradi, ammo ba’zi hollarda o‘limga olib kelishi mumkin.