Antikvar va nodir buyumlar kolleksioneri, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Anvar Viktorin o‘z kolleksiyasiga XVI asrga oid qadimiy qo‘lyozma qo‘shilganini ma’lum qildi. Ushbu qo‘lyozma Islomning asosiy aqidalariga bag‘ishlangan risola bo‘lib, Usmonlilar davri mashhur yozuvchisi Mustafo Izzatga tegishli yirik kolleksiyasining bir qismi hisoblanadi.
Asli qozog‘istonlik, uzoq yillardan beri AQShda yashab, mamlakat fuqaroligini olgan Anvar Viktoringa bu qo‘lyozmani Amerikadagi nufuzli oilalardan birining vakili topshirgan. Victorin’s Art and Auctions nomli noyob buyumlarni yig‘uvchi kompaniya rahbari Viktorin yoz oylarida Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida qo‘lyozma haqida jurnalistlarga aytib berdi.
2024 yil fevral oyida Rossiyaning ikkita instituti: Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti va Rossiya davlat texnologiya universitetining Xalqaro Rossiya-Eron markazi tomonidan o‘tkazilgan ekspertizalar natijasida kitobning asl nusxada ekani tasdiqlandi. Qo‘lyozmaga “shubhasiz katta qiymatga ega tarixiy yodgorlik” degan baho berildi.
Ekspertiza xulosasida qo‘lyozmaning oxirgi varag‘idagi “Imomquli Bahodirxon” yozuvli bodomsimon muhr izi alohida ko‘rsatilgan. Bu belgi qo‘lyozmaning 1611-1642 yillarda Buxoroda hukmronlik qilgan ashtarxoniy hukmdori Imomqulixon (1582-1644) kutubxonasiga tegishliligini bildiradi.
Muhr xon devonxonasining yozuv an’anasiga ko‘ra Imomqulixon nomi yoniga qo‘yilgan. Muhr ostida Samarqand amiri Yalangto‘sh Bahodirning ismi 1021 yil sanasi (1612–1613 yillar) bilan ko‘rsatilgan va uning harbiy iste’dodi hamda tashkilotchilik qobiliyati tufayli shuhrat qozongani, shu bois Ashtarxoniylar hukmdoridan amir unvonini olgani qayd etilgan yozuv keltirilgan.
Qo‘lyozma mazmuni XVI asrga oid qadimiy fors tilida yozilgan. Bunda ikkita qizil satrga e’tibor berish kerak. Birinchisi — Buxoro xoni Imomqulixonning ismi. Ikkinchi qizil satrda Yalangto‘sh Bahodirning nomi yozilgan.
Olimlarning tushuntirishicha, barcha qo‘lyozmalarda xonning ismini alohida ajratib ko‘rsatish maqsadida uni doim qizil rang bilan yozish odat tusiga kirgan. Ammo qiziq jihati shundaki, Imomqulixon Yalangto‘sh Bahodirning ismini ham qizil siyoh bilan yozishni buyurgan. Bu shuni anglatadiki, xon Bahodirni o‘ziga teng deb bilgan va uni xon darajasiga ko‘targan. Ya’ni Bahodir butun xonlikda to‘la huquqli boshqaruvchi mavqeiga ega bo‘lgan.
“Mazkur qo‘lyozma yana bir masalaga dalil hisoblanadi: Yalangto‘sh Bahodir o‘zbek Buxoro xonligi tarixida muhim o‘rin tutgan. U Imomqulixonning taxtga chiqishiga ko‘maklashgan, buning evaziga Imomqulixon uni Samarqand hokimi unvoni bilan taqdirlagan. Kitobda Yalangto‘sh botirga bag‘ishlangan maqtov she’ri bayon etilgan”, — dedi Viktorin.
Yozuvning haqiqiyligini aniqlash maqsadida 2023 yil dekabr oyida “Davlat ijtimoiy-gumanitar universiteti sud ekspertizalari markazi” va Moskva shahridagi “Moskva zamonaviy san’at muzeyi” davlat budjet madaniyat muassasasida kimyoviy va texnologik ekspertiza o‘tkazildi. Natijada qo‘llangan siyoh va qog‘oz varaqlaridagi zig‘ir tolalari XVI asr ikkinchi yarmi va XVII asr birinchi yarmida ishlatilgan materiallarga mos kelishi aniqlandi.
O‘zbekistonda Yalangto‘sh Bahodir shaxsiga katta qiziqish bildirib kelinadi. O‘zbekiston tarixida muhim o‘rin egallagan shaxslar to‘g‘risida bir qancha, maqola, risola, monografiyalar yaratilgani, ular faoliyatiga doir konferensiyalar uyushtirilgani holda Bahodir Yalangto‘sh faoliyatiga doir tadqiqotlar ancha kamligi ko‘zga tashlanadi. Yil boshida Samarqandda buyuk sarkarda haqida keng ko‘lamli tarixiy badiiy film suratga olindi va uning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bugun xorijda nafaqat Samarqandning ramzi, balki O‘zbekiston ramzi sifatida ma’lum bo‘lgan Registon maydonidagi Tillakori (1646–1660) va Sherdor (1619–1636) madrasalari shaxsan Bahodir Yalangto‘sh tomonidan qurilgan.
Qo‘shni Qozog‘istonda Yalangto‘sh Bahodirni xalq qahramoni deb ham bilishadi. Qizilo‘rda, Oqto‘ba va Turkiston viloyatlarida unga haykallar o‘rnatilgan.
Amerikada topilgan yodgorlik Yalangto‘sh Bahodir shaxsining tarixiy ahamiyatini tasdiqlaydi. U qadim ajdodlar zamonida O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlarining birlashishiga katta hissa qo‘shgan.
Viktorinning ta’kidlashicha, u allaqachon har ikki davlatdan qo‘lyozmani sotib olish bo‘yicha takliflar olgan.
“Agar bu kitob o‘z tarixiy yurtiga qaytib, milliy boylikka aylansa, xursand bo‘lardim. Ehtimol, u zamonaviy formatga o‘tkazilib, keng kitobxonlarga taqdim etilar”, — deya o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdi kolleksioner.