AQShda to‘rt amerikalik Rossiya uchun ishlaganlikda aybdor deb topildi

Jahon 13:52 / 13.09.2024 3441

Qo‘shma Shtatlardagi hakamlar hay’ati to‘rt amerikalik fuqaroni Rossiya manfaatlarini ko‘zlab AQShda noqonuniy faoliyat yuritish maqsadida fitna uyushtirganlikda aybdor deb topdi. Bu haqda 12 sentabr, payshanba kuni AQSh Adliya vazirligi press-relizni tarqatdi.

Ayblanuvchilar 82 yoshli Omali Yyeshitela, 78 yoshli Penni Xess va 34 yoshli Jyessi Nevel (uchalasi ham Sent-Luisda yashaydi), shuningdek, 38 yoshli kichik Ogastes Romeyndir, u Atlantada istiqomat qiladi. Yyeshitela, Xess va Nevel Afrika xalq sotsialistik partiyasi (AXSP) yoki uning filiallari rahbarlari edi. Kichik Romeyn ham AXSP a’zosi bo‘lgan, ammo 2018 yilda partiyani tark etdi va Jorjiyada "Qora dubulg‘a" guruhiga asos soldi, deyiladi press-relizda.

AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilar AQShda kamida 2015 yilning mayidan 2022 yilning iyuligacha Kreml manfaatlari yo‘lida harakat qilgan. Masalan, Xess BMTga AQSh hukumatini Afrika xalqlari genotsidida ayblab, petitsiya tuzdi va chop etdi. Keyinchalik bu petitsiya Rossiya ommaviy axborot vositalarida faol targ‘ib qilindi. Romeyn 2022 yil fevral oyi oxirida Rossiyaning Ukrainaga hujumidan ko‘p o‘tmay, Kaliforniyada ijtimoiy tarmoqlardan biri shtab-kvartirasi oldida "rossiyaparast qarashlarning bostirilishi"ga qarshi namoyish uyushtirdi.

AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu harakatlarga Kremlga yaqin "Rossiya aksilglobalistik harakati" rahbari, Rossiyaning muxolif OAVga qarshi bir qator arizalar muallifi Aleksandr Ionov rahbarlik qilgan va moliyalashtirilgan. Xususan, "Meduza" va The Bell nashrlari Ionovning arizalaridan keyin Rossiya Federatsiyasida "chet el agentlari" deb tan olingan. AQSh rasmiylari Ionovni Rossiya nomidan ta’sir kampaniyasini olib borishda, jumladan saylovlarga aralashish va Amerika fuqarolarini yollashda ayblamoqda. 2022 yilning iyulidan beri u AQSh sanksiyalari ostida.

Yyeshitele, Xess, Nevel va Romeyn besh yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Ularning jazo muddati hali belgilanmagan. Tergovga AQSh Federal tergov byurosi (FTB) rahbarlik qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: