Gap politsiyaning tergovga aloqador muhim so‘rovlari, jumladan, bolalarga qarshi jinoyatlar haqida ketmoqda. Liberation nashri manbalariga ko‘ra, Telegram Fransiya politsiyasining voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasi (OFMIN) so‘roviga ko‘ra, bir qancha tergov jarayonlarida gumonlanuvchini identifikatsiya qilish imkonini beruvchi ma’lumotlarni taqdim qilgan.
«Eshiklar rostdan ham ochilmoqda», — degan Parij prokuraturasi vakili Joanna Brus nashr bilan suhbatda. Ushbu ma’lumot Fransiyadagi barcha prokuraturalar orasida tarqalmoqda. Ularga Telegram bilan bog‘liq muzlatib qo‘yilgan jinoyat ishlari tergovini qayta boshlash tavsiya qilingan.
Ushbu tendensiya Belgiyada ham kuzatilgan. «Biz bir qancha vaqt davomida Telegram sud hokimiyati bilan hamkorlikka moyil bo‘lganini qayd etdik», — degan Belgiya federal prokuraturasi.
Telegram asoschisi Pavel Durov 24 avgust kuni Parij aeroportida qo‘lga olingan edi. Prokuratura unga nisbatan vakolatli organlar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish, pornografiya, giyohvand moddalar va hakerlik dasturlarini tarqatishda ishtirok etish kabi qator ayblovlarni ilgari surgan.
28 avgust kuni Durov 5 million yevro miqdorida garov puli to‘lash va sud nazorati ostida qolish sharti bilan ozod etilgan. Unga Fransiyani tark etish taqiqlangan hamda Durov haftasiga ikki marotaba politsiyaga kelib-ketishi kerak.