Uzbekistan Airports xabariga ko‘ra, Silk Avia aviakompaniyasining Toshkentdan ilk parvozi mahalliy vaqt bilan soat 13:10 da aeroportga borib qo‘ndi. Parvoz vaqti 1 soat 30 daqiqani tashkil etdi.
Samolyot suv arkasi bilan, birinchi yo‘lovchilar esa karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi. Aeroportga parvozlar deyarli 21 yildan so‘ng qayta yo‘lga qo‘yilgan. Shahrisabz aeroporti 2003 yilning noyabr oyida yopilgan edi.
Shahrisabzdan 5 km janubi-g‘arbda qurilgan mazkur aeroport 1983 yilda ochilgan. 1983-1996 yillarda Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar yoz oylarida haftasiga 4 marta, kuz-qish mavsumida esa 3 marta amalga oshirilgan, shuningdek, Urganch-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha ham samolyotlar haftasiga ikki marta parvoz qilgan. 1993-1995 - yillarda Toshkent – Qarshi – Shahrisabz yo‘nalishida parvozlar amalga oshirilgan. Havo qatnovlari An-2, An-24, Yak-40, RJ-85 rusumli samolyotlarda amalga oshirilgan.
Ayni paytda aeroport fuqaro aviatsiyasi parvozlariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Uzunligi 1554 m va eni 35 m bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagidan, ikkita samolyot va to‘rtta vertolyot turish joyiga ega aerodrom quyidagi turdagi samolyotlarni sig‘dira oladi: ATR-42, ATR-72, L-410 va barcha turdagi vertolyotlar. Aeroport majmuasi soatiga 100 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.