Norvegiya Turkiyaga nisbatan qurol embargosini bekor qiladi

Jahon 02:07 / 12.09.2024 3596

Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espan Bart Eyde 2019 yildan beri amalda bo‘lib kelayotgan Turkiyaga nisbatan qurol embargosini yechish niyatini ma’lum qildi. Bu haqda Turkiya TIV matbuot kotibi Onju Kecheli o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga yozib qoldirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Norvegiya vaziri bu haqda turkiyalik hamkasbi Hoqon Fidan bilan telefon orqali suhbatda ma’lum qilgan.

«O‘z navbatida vazir Fidan mazkur qarordan mamnunligini aytib, bunday cheklov choralari sheriklik ruhiga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi», — deydi Kecheli.

Norvegiya Turkiya mudofaa sanoati mahsulotlari eksportiga 2019 yilda, Turkiya Qurolli kuchlari Suriya shimolida aksilterror harbiy operatsiya boshlaganidan keyin cheklovlar joriy etgandi. «Tinchlik manbai» operatsiyasi YPG terrorchilik tashkilotiga qarshi, shuningdek, mamlakat janubiy chegaralaridagi xavfni bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan.

Operatsiya davom etayotgan vaqtda Chexiya, Italiya, Ispaniya, Belgiya, Kanada, Niderlandiya va Buyuk Britaniya ham Turkiyaga qarshi shu kabi choralarni qo‘llagan edi. Hozirda Turkiyaga qo‘yilgan qurol yetkazib berishga oid embargoning bir qismi yechilgan, mamlakatning Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan hamkorligi rivojlanishda davom etmoqda.

 

Ko‘proq yangiliklar: