Davlat dumasining sobiq deputati Ilya Ponomarev harbiy «feyklar» tarqatish va «terrorizmni oqlash» aybi bilan sirtdan 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 11 sentabr, chorshanba kuni TASS agentligining xabar berishicha, Ponomarevga 2-g‘arbiy okrug harbiy sudi tomonidan hukm chiqarildi.
Prokuror Ponomarevni 14 yilga ozodlikdan mahrum qilishni talab etdi. Siyosatchi «Ozod Rossiya» forumlarining ikkita translatsiyasi, shuningdek, «Nastoyashcheye vremya» telekanaliga bergan intervyusi tufayli harbiy «feyk»larni tarqatishda ayblangan, deb eslatadi «Mediazona».
Tergov Ilya Ponomarevning «Rossiyada rejimga uyushgan qarshilik ko‘rsatish zarur» degan bayonotini «terrorizmni oqlash» deb baholadi. Ponomarev, xususan, «harbiy komissariatlar va Z belgisi bo‘lgan avtomashinalarga o‘t qo‘yishga qaratilgan to‘g‘ri tadbirlarni amalga oshirayotgan turli shaxslar» haqida gapirgan, deb yozadi «Mediazona».
Ilya Ponomarev 2022 yil avgustida Rossiya sudi tomonidan sirtdan hibsga olingan va keyinchalik xalqaro qidiruvga berilgan edi. Siyosatchi 2014 yilning yozida Rossiyani tark etgan. 2015 yilda u Ukrainaga ko‘chib o‘tdi va u yerda Ukraina fuqaroligini oldi.