Hududlarda tadbirkorlar quyosh panellarini o‘rnatishga majburlanmoqda. Vazirlik tomoshabinmi?

O‘zbekiston 20:09 / 12.09.2024 10419

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lgan holatlar Andijon va Namangan viloyatlariga taalluqli: quyosh panellarini o‘rnatmagan tadbirkorlar elektr energiyasidan uzib qo‘yilmoqda. Energetika vazirligi bu noqonuniy deb quruq bayonot berish bilan cheklandi, lekin o‘z tizimiga kiruvchi HETKlar tadbirkorlarni panel o‘rnatmagani uchun tokdan uzayotganiga izoh bermadi.

Bir qator hududlarda tadbirkorlar quyosh panellarini o‘rnatishga majburlanmoqda. Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi do‘konlar, dorixonalar, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, pishiriq sexlari, o‘quv markazlari va boshqa korxonalar 7 sentabr kuni ertalabdan ommaviy ravishda elektr tokidan uzib qo‘yildi. Bu haqda Kun.uz'ga tumanda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar ma’lum qildi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi tadbirkorlardan quyosh panellarini o‘rnatishni talab qilgan.

“Quyosh panellarini o‘rnatib, tuzilgan shartnomalarni bizga olib kelib ko‘rsatinglar, shundan keyin tok beramiz”, deyishyapti. Endi ertalabdan beri qurbi yetgan, kattaroq tadbirkorlar quyosh panellarini izlashga tushib ketgan. Ular-ku amallab o‘rnatar, lekin mening bunga hozir qurbim yetmaydi, menda ortiqcha pul yo‘q. Mayli, bir oy muhlat berishsin o‘rnatishga, amallarmiz. Lekin hozir svetni o‘chirib, hozir o‘rnatasan deyishlari mantiqsiz. Biznesni zararga kiritishyapti”, – deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan tadbirkorlardan biri.

Tadbirkorlar bunday majburlovlar faqat Oltinko‘lda emas, boshqa tumanlarda ham bo‘layotganini aytmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Namangandagi tumanlarning birida metan-shoxobcha quyosh paneli o‘rnatmagani uchun gazdan uzilgan, natijada boshqa shoxobchada turnaqator navbatlar yuzaga kelgan.

Bunga javoban, Energetika vazirligi quyosh panellarini o‘rnatishga majburlash holatlarini qoralab chiqdi. Vazirlik bunday majburlash qonunchilikka zid ekanini eslatgan, lekin bunaqa holatlar bo‘layotganini na tasdiqlagan, na rad etgan. Vaholanki, tadbirkorlarni svetdan uzib qo‘yayotgan tashkilotlar – hududiy elektr tarmoqlari to‘g‘ridan to‘g‘ri vazirlik tizimiga kiradi.

Energetika vazirligining qayd etishicha, prezident qarorlari asosida quyosh panellari va quyosh suv kollektorlarini o‘rnatish imkoniyati bor tadbirkorlik sub’yektlari va aholi xonadonlari uchun bunday mahsulotlar targ‘ibotini kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan. Lekin kimnidir quyosh paneli o‘rnatishga majburlash, o‘rnatilmagan taqdirda esa uni tarmoqdan uzib qo‘yish bilan ogohlantirish masalasi hech bir hujjatda yo‘q, deyiladi bayonotda.

Andijon viloyatidagi tadbirkorlarning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 7 sentabr kuni elektr toki o‘chirilgan bo‘lsa, 9 sentabrda yoqib berilgan.

“Hozircha tok berishdi, ammo elektrosetdan tayinli gap chiqmayapti. Boshqa tadbirkorlarga qanchadir muddat berishibdi, lekin bizning hozir imkoniyatimiz yo‘q. Agar qanaqadir majburiyat bo‘lsa, qanchadir muddat berishlarini so‘raymiz. Quyosh paneli masalasi bo‘yicha faqat bizning tumanda emas, boshqa joylarda ham majburlovlar kuzatilyapti.

Shu yilning oxirigacha deyiladimi, yoki qandaydir muddat belgilanib, imtiyoz qilib berilsa, imkoniyati borga ham, yo‘qqa ham sharoit qilib berilsa, biz ham quyosh panellarini qo‘yaylik. Foizsiz muddatli to‘lovgami, yoki boshlang‘ich to‘lovsiz qanchadir muddatgami qilib berishsin, biz ham topgan daromadimizdan to‘lab boraylik. O‘zbekistonda hamma tadbirkor ham yaxshi daromad topmaydi. Ozgina daromad qilayotganlar ham bor”, – deydi tadbirkor.

Iqtisodchi Otabek Bakirov quyosh paneli o‘rnatishga majburlash holatlarini to‘xtatish uchun amaliy harakatlar kerakligini aytdi. Uning fikricha, tadbirkorlar majburlov holatlari haqida xabar berishi uchun aloqa boti, ishonch telefoni yoki shikoyat qoldiriladigan onlayn platforma kerak va uni mustaqil idoraga, masalan, Raqobat qo‘mitasiga topshirish maqsadga muvofiq.

Bakirov quyosh panellariga majburlash fonida panellar qimmatlashib ketayotganiga ham e’tibor qaratdi. Uning fikricha, quyosh panellari bozorida raqobat yetarli darajada emas. Energetika vazirligi esa panellar va invertorlar importida monopoliya yo‘q degan mazmunda bayonot berib, joriy yilning 8 oyida O‘zbekistonga 107 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan 1,5 milliondan ziyod quyosh panellari olib kirilganini ma’lum qildi. Bunga javoban Otabek Bakirov vazirlik aytayotgan yuzdan ortiq kompaniyaning mutlaq ko‘pchiligi olib sotish uchun emas, o‘z ehtiyojlari uchun panel import qilganini ta’kidladi.

“Gap ularning orasida kimlarningdir tanasiga yaqin faqat ikkita tashkilot panel va uning ehtiyot qismlarini bojsiz olib kirayotganida, imkoniyatlar notengligida. Imtiyoz yo hammaga bo‘lishi yoki hech kimga bo‘lmasligi zarur”, – deydi iqtisodchi. Bakirov panel o‘rnatish yoki o‘rnatmaslikni bozorning o‘ziga, tadbirkorlarning ixtiyoriga qo‘yib berishga chaqirdi.

Avvalroq, davlat rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvidan oldin biznes vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlarning birida so‘zga chiqqan bir tadbirkor, quyosh panellarining butlovchi qismlarini bojsiz olib kirish ikkita korxonaga berilganini aytgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: