«Hech kim yordam berolmaydi» – Moskva aeroportida Rossiya fuqaroligini rad etgani uchun qaytarilgan migrant hikoyasi

Jamiyat 10:47 / 12.09.2024 27994

Kun.uz’ga murojaat qilgan yurtdoshlarimizdan biri Moskvadagi Sheremetevo aeroportida Markaziy Osiyodan borgan mehnat muxojirlari duch kelayotgan qiyinchiliklar haqida so‘zlab berdi. U 8 sentabr kuni soat 05:00 da Toshkentdan Aeroflot aviakompaniyasi reysida Moskvadagi Sheremetevo aeroportiga yetib kelgan. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan uchib kelgan mehnat migrantlari bilan muammo ayni shu yerdan boshlangan. Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan yo‘lovchilar pasport nazoratida «qayta tekshiruv» uchun ajratib olingan.

«Biz borgan reysdan jami 30-40 kishi ajratib olindi va alohida xonaga birma-bir kirib suhbatlashildi. Bu xonada Rossiya chegara xizmati xodimlari hamma ma’lumotlarimizni so‘rab chiqdi, telefonlarimizni titkilashdi. Keyin «nega bu yerga kelyapsan?» «ishga zormisan?» «o‘zingni davlatingda ish yo‘qmi?» deb ustimizdan kulgandek savol-javob qildi», — deydi reys yo‘lovchilaridan biri.

Shundan keyin, ajratib olingan migrantlar 2-xonaga chaqirilgan va u yerda koronavirus uchun analizlar olingan. Navbatdagi xonada esa chegarachilar muddaoga o‘tishgan.

Moskvadagi Sheremetevo aeroportida ushlab o‘tirilgan Markaziy osiyolik mehnat muxojirlari

«Aeroportda jami 36 soat ushlab o‘tirishdi, o‘zi pulimiz kam, ichkarida hamma narsa qimmat. Oxirida 3-xonaga chaqirishdi. Bu yerda hammaga Rossiya fuqaroligini olish taklif qilindi. Urushga borasan, deb aytmasa ham hammamiz bilib turardik, agar fuqarolikni olsak qayerga ketishimizni… menimcha, hech kim rozi bo‘lmadi».

Murojaatchiga ko‘ra, shundan so‘ng Toshkentdan kelgan 5-6 ta turli reyslardagi insonlarni to‘plab, jami 300 kishi Aeroflot samolyotida O‘zbekistonga qaytarib yuborilgan. Bular ichida Rossiyaga birinchi marta borayotganlar, turli oliygohlarga grant yutib, o‘qishga kelgan talabalar ham bo‘lgan.

«Shundan keyin «shubhali ko‘rinyapsan», deyishdi-da, barmoq izlarimiz va barcha ma’lumotlarimizni olishdi. «Deport urdimi» yoki boshqa narsami, bilmaymiz. Toshkentdagi Rossiya elchixonasidan ma’lumot olasan, deyishdi va hammamizni Toshkentga qaytardi. Biletimizga ham kuydik, qaytish biletini ham hali MIB orqali to‘lasak kerak. Eng alam qiladigani, hech qanday ayb qilmay xo‘rlandik, o‘zbeklarni va tojiklarni xo‘rlashyapti, xor qilishyapti…» deydi yosh yigit.

Murojaatchining ma’lum qilishicha, Toshkentdagi Rossiya elchixonasi Moskva reysidan qaytarilganlarga «muammosi bu yerda hal bo‘lmasligini» aytib, jo‘natib yuborgan. Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi xodimi esa dastlab qo‘lidan hech narsa kelmasligini bildirgan, keyin telefonni ko‘tarmay qo‘ygan.

«Aeroportda ekanimda Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasiga telefon qildim. Dastlab bir xodim ko‘tardi, unga vaziyatni tushuntirdim. U «biz hal qilolmaymiz, qo‘limizdan hech narsa kelmaydi», dedi. Keyin yana bir necha marta telefon qildim, ular endi telefonni olmay qo‘ydi».

Migrantlar qo‘ng‘iroq qilgan yuristlar esa hozir shunaqa reydlar ketayotganini, bunda hech kim yordam berolmasligini aytgan.

«Aeroportda bizga nisbatan kuch ishlatishmadi. Lekin, men ko‘p savollar berib, huquqimni so‘rayverganim uchun menga «xohlasang dubinka bor, kamroq savol ber», deyishdi. Bularni aytganim bilan kimdir yordam bera olishiga ishonmayapman, hech bo‘lmasa boshqa yurtdoshlarimiz o‘qib, xulosa chiqarsa. Hech kim o‘zini xorlashini yoki qiyin ahvolga tushib qolishini xohlamayman», — deydi o‘zbekistonlik mehnat migranti.

Ukraina bilan keng ko‘lamli bosqinchilik urushi olib borayotgan davlatda migrantlar bilan bog‘liq vaziyat anchadan buyon yaxshi emas. Mahalliy va xorijiy OAVda markaziy osiyolik mehnat migrantlari Rossiya fuqaroligi va katta mablag‘ evaziga armiyaga qabul qilinib, Ukraina bilan urush hududlariga yuborilayotgani xabar qilinmoqda.

Bundan tashqari, shu yil 22 mart kuni Moskva viloyatidagi Krokus Sitida ro‘y bergan teraktdan keyin Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining RFga kirishida muammolar kuzatilmoqda. Rossiyada migrantlarga doir qonunchilik kuchaytirilishi kutilmoqda, shuningdek sudlarda migrantlarga doir «ishlar» ko‘payib bormoqda.

Avgust oyida ham bu kabi holatlar juda ko‘p marta sodir bo‘ldi. Xususan, Sheremetevo aeroportida 5 kun tunab, Rossiya armiyasiga borishga rozi bo‘lmagani uchun uyiga qaytarilgan o‘zbekistonlik yurtdoshimiz haqida ham ma’lumot bergan edik.

O‘shanda holatga izoh bergan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolar chegara hududida neytral zonada bo‘lgani sababli u yerga kirolmaganini aytgan edi. Shuningdek, Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi konsullik bo‘limi vakillari ham borgan, lekin bundan naf chiqmagan.

10 sentabr kuni Tojikiston o‘z fuqarolarini ogohlikka chaqirib, Rossiyaga safar qilishdan vaqtincha tiyilib turishni tavsiya qildi. 5 sentabr kuni Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchixonasi ham Rossiya Federatsiyasiga borish uchun uzrli sabablari bo‘lmagan o‘z fuqarolariga «safar qilishdan vaqtincha tiyilish»ni tavsiya qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: