G‘azoda muvaqqat otashkesim taklifi, Erdo‘g‘anning Qrim bo‘yicha bayonoti va tasdiqlangan umumiy turk alifbosi - kun dayjesti

Jahon 13:22 / 12.09.2024 3885

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil mudofaa vaziri HAMAS bilan olti haftalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni yoqlamoqda.

Jurnalistlar oldida chiqish qilar ekan, Yoav Gallant harbiy harakatlarda kamida olti haftalik pauza qilish bo‘yicha shart-sharoitlar yetilganini, bu vaqt ichida HAMAS tomonidan garovda ushlab turilgan asirlarni ozod qilish mumkinligini ta’kidlagan.

Biroq u HAMAS talab qilganidek, harbiy harakatlarni uzil-kesil yakunlash bo‘yicha majburiyatni o‘z zimmasiga olmoqchi emas va bu kelishuvni shubha ostiga qo‘yadi.

So‘nggi haftalar ichida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azoning Misr bilan chegarasidagi strategik yo‘lakda Isroil askarlari noma’lum muddatga qolishi kerak, deya ta’kidlab, sulh muzokaralari uchun to‘siq bo‘layotgan yangi muammoni yaratdi.

Urushning 341-kuniga kelib Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining HAMAS boshqaruvidagi G‘azo bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 41 ming 84 kishiga yetgan. 95 ming 29 kishi yarador bo‘lgan. O‘ldirilganlarning 17 mingdan ortig‘i yosh bolalardir.

So‘nggi sutka ichida isroillik habiylar 4 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazishgan, ularda 24 kishi halok bo‘lgan va 64 kishi yaralangan.

Rossiya-Ukraina urushi

AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Ukrainaga Rossiya hududiga chuqur raketa zarbalari yo‘llashiga ruxsat berilishini istisno etmaydi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Sky News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Avvalroq, Londondagi matbuot anjumanida Blinken Eron Moskvaga qisqa masofaga uchuvchi raketalarni yetkazib bergani va Rossiya qurolli kuchlari ularni «bir necha hafta ichida» Ukrainada qo‘llashni boshlashi mumkinligini tasdiqladi. Davlat departamenti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «o‘nlab rossiyalik harbiy xizmatchilar» Eronning Fath-360 ballistik raketalaridan foydalanish bo‘yicha o‘qitilgan.

AQSh Ukrainani «Rossiya agressiyasini samarali qaytarish» uchun kerak bo‘lgan hamma narsaga ega bo‘lishi uchun qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, Vashington Ukraina harbiy xizmatchilari o‘zining G‘arb ittifoqchilarining «murakkab tizimlari»ga xizmat ko‘rsata olishi haqida o‘ylashi kerak edi, deb ta’kidlaydi Sky News.

«Qaror qabul qilishda bularning barchasini hisobga olish kerak, ammo shuni ayta olamanki, biz yo‘lda har bir qadamni moslashtirdik, to‘g‘rilab oldik va davom etamiz. Shuning uchun biz buni istisno qilmaymiz», degan Entoni Blinken.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Ukrainaga birgalikda tashrif buyurishlarini e’lon qilishdi. 10 sentabr kuni AQSh Davlat departamentining aniqlik kiritishicha, Blinken va Lemmi Ukrainaga borishadi.

Erdo‘g‘anning bayonoti

Anqara Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashni o‘zgartirmaydi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Qrim platformasi sammiti ishtirokchilariga videomurojaatida ma’lum qildi.

Turkiya rahbarining qayd etishicha, Qrimning Ukrainaga qaytarilishi xalqaro huquqning talabidir. Erdo‘g‘an «Turkiya urushni Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga asoslangan adolatli hamda mustahkam tinchlik bilan tugatishni chin dildan istashini» ta’kidlagan.

Turkiya prezidenti sammitni tashkillashtirishga hissa qo‘shgan barchaga, birinchi navbatda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hamda qrim-tatar xalqi yetakchisi Mustafo Qrimo‘g‘liga minnatdorchilik bildirdi.

Turkiya yetakchisi joriy yilgi sammit qrim-tatar xalqi deportatsiyasiga 80 yil to‘lgan sanaga to‘g‘ri kelganini eslatib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, «vatanidan zo‘ravonlik bilan quvilgan qrim-tatar turklari boshidan kechirgan fojia og‘rig‘i 80 yildan beri so‘nmagan va yaralar bitmagan».

Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiya hech qachon «mintaqa aholisining azoblarini yanada chuqurlashtirgan» Qrim anneksiyasini tan olmasligini ta’kidladi.

«Qrim-tatar turklarining huquqlarini mustahkamlash maqsadida Ukraina hukumati tomonidan ishlab chiqilgan huquqiy me’yorlardan yana bir bor mamnunligimni bildirmoqchiman», — deydi u. Turkiya rahbari kelgusi davrda «qrim-tatar turklarining huquqlarini mustahkamlash uchun qo‘shimcha qadamlar qo‘yilishiga» umid bildirdi.

O‘rta turk alifbosi

9-11 sentabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Bokuda Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan yaratilgan turk olamining umumiy alifbosi bo‘yicha komissiyaning uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra 34 ta harfdan iborat umumiy turk alifbosi loyihasi tasdiqlangan.

Yig‘ilish Turk akademiyasi va Turk tili instituti hamkorligida o‘tkazilgan hamda unda Turkiy davlatlar tashkilotining barcha a’zolari ishtirok etgan.

Yig‘ilishning asosiy maqsadi turkiy tillar uchun yagona alifbo loyihasi ustidagi ishni yakunlash bo‘ldi. Komissiya 1991 yilgi dastlabki loyihani qayta ko‘rib chiqqan va zarur o‘zgarishlarni kiritgan.

«34 ta harfdan iborat umumiy turkiy alifbo bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Taklif etilgan alifboda har bir harf turkiy tillarda mavjud turli fonemalarni ifodalaydi», — deyiladi rasmiy bayonotda.

Tashkilotchilar turkiy davlatlar hukumatlari hamda komissiya a’zolariga alifboni ishlab chiqishdagi hissalari uchun tashakkur bildirdi. Endi barcha tegishli muaassasalar Umumiy turk alifbosini faol joriy etishga taklif etiladi.

Qayd etib o‘tish joizki, yangi alifbo asosida turk va ozarboyjon tili o‘zgarishlarga uchramaydi. Lotin imlosiga o‘tgan o‘zbek, qoraqalpoq va turkman tillari ayrim harflarni o‘zgartirishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, bu umumiy alifbodan foydalanib qozoq, qirg‘iz va boshqa turkiy tillari bemalol yoza oladi.

Teylor Svift Harrisni qo‘llaydi

Amerikalik qo‘shiqchi Teylor Svift noyabrda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlarida Kamala Harrisga ovoz berishini ma’lum qildi.

U Harris va respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp o‘rtasidagi debat yakunlanishi ortidan shunday bayonot berdi.

«Men 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘z ovozimni Kamala Harris va Tim Uolzga beraman», — deya yozgan u instagramda va Harrisni «iqtidorli yetakchi», deb atagan.

«Men ishonamanki, agar bizni tartibsizlik emas, xotirjamlik boshqarsa, ko‘proq narsaga erishishimiz mumkin», — deya qo‘shimcha qilgan qo‘shiqchi.

U bunday ochiq bayonot berish qaroriga kelishiga Donald Tramp e’lon qilgan, sun’iy idrok vositasida yasalgan fotosurat turtki bo‘lganini aytgan. Suratda Svift go‘yoki respublikachilarni qo‘llashi tasvirlangandi.

«Bu menda sun’iy idrok hamda dezinformatsiya tarqalishi xavfi bo‘yicha qo‘rquvni oshirdi. Natijada, bu saylovlar borasida haqiqiy rejalarimni oshkor etishim kerak degan xulosaga keldim», — deya yozgan u.

U postga mushuk bilan tushgan fotosuratini ilova qilgan va uning ostiga «farzandsiz mushuk bekasi» deb yozgan, u bu orqali respublikachilarning vitse-prezidentlikka nomzodi Jyey Di Vensning so‘zlariga ishora qilgan.

Vens 2021 yilgi videosi tufayli tanqidga uchragandi, o‘shanda u bir qator nufuzli demokratlar, jumladan, Harrisni «baxtsiz hayot kechiruvchi, farzandsiz mushuk bekalari» deb atagandi.

Svift — Harrisni qo‘llashini ochiq e’lon qilgan navbatdagi taniqli shaxs bo‘ldi. Bunga qadar qo‘shiqchilar Jon Lejyend va Oliviya Rodrigo, aktyor Jorj Kluni va rejissyor Spayk Li demokratlar nomzodini qo‘llab chiqqandi.

Viyetnamdagi tayfun oqibatlari

Viyetnamning shimoliy qismiga yopirilgan «Yagi» supertayfuni natijasida yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida kamida 324 kishi halok bo‘ldi va bedarak yo‘qolgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shimoliy provinsiyalarda yuz bergan qator ko‘chki va suv toshqinlari oqibatida 179 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, yana 145 kishi bedarak yo‘qolganlar safida.

Viyetnam Tabiiy ofatlar va qidiruv-qutqaruv ishlari bo‘yicha milliy qo‘mitaning qayd etishicha, «Yagi» supertayfuni mamlakatda so‘nggi 30 yilda kuzatilgan eng kuchli tabiiy ofat hisoblanadi. U ko‘plab binolar, infratuzilma obektlarini vayron qildi, qishloq xo‘jaligi maydonlariga sezilarli darajada zarar yetkazdi.

Ko‘proq yangiliklar: