11 sentabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar raisligida Toshkent shahar imom-xatiblarining tanqidiy-tahliliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Majlis har bir imom-xatib din g‘ami, xalq dardi va yurt taqdiri yo‘lida astoydil xizmat qilishi lozimligi, din peshvosi sifatida, aholi, ayniqsa, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi alohida ta’kidlangan.
«Tanqidiy masalalar muhokamasida ayrim imom-domlalar zimmasidagi birlamchi vazifasiga jiddiy yondashmayotgani, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlashda yetarli sa’y-harakat qilmayotgani va ijro intizomidagi nuqsonlar qattiq tanqid ostiga olindi. Shuningdek, belgilangan tartib-qoidalar, mehnat shartnomalari talablari va lavozim yo‘riqnomalariga rioya etmayotgan imom-domlalarga chora ko‘rilgani aytildi», — deyiladi bayonotda.
2024 yilning o‘tgan sakkiz oyida «mana shunday xato-kamchiliklarni sodir etgan, din peshvosi sifatida ish faoliyatiga e’tibor qaratmagan va mehnat majburiyatlarini yetarli darajada bajarmagan» Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritgan 8 nafar imom-xatib, 10 nafar imom noibi vazifasidan ozod etilgan. 2 nafar imom-xatib va 2 nafar imom noibiga esa hayfsan intizomiy chorasi qo‘llangani ma’lum qilindi.
Shuningdek, muftiy har bir imom-xatib din va mehrob omonatini chuqur his etishi, faoliyatini yaxshilab borishi, zamon bilan hamnafaslikda doimiy bilim-malakalarini oshirishi va peshvolik maqomiga munosib bo‘lishi kerakligini qayd etgan.