Latviya xavfsizlik nuqtayi nazaridan Belarus bilan chegarada kuchaytirilgan nazorat rejimini joriy yil oxirigacha uzaytirmoqda. Ko‘p sonli muhojirlar Belarus-Latviya chegarasi orqali Yevropa Ittifoqiga noqonuniy kirishga urinishda davom etmoqda, deya xabar berdi 10 sentabr, seshanba kuni Riga hukumati.
Xabarda qayd etilishicha, qaror qabul qilinayotganda Minsk tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq xavflar ham hisobga olingan.
Avvaliga Belarus bilan chegarada kuchaytirilgan rejim sentabr oxirigacha davom etishi taxmin qilingan edi. Xavfsizlik kuchlari Latviyaning olti sharqiy mintaqasida kengaytirilgan vakolatlarini saqlab qoladi.
Migrantlarni tashkiliy ravishda o‘tkazish
Latviya va Belarus o‘rtasidagi chegara uzunligi - 172 km. Latviya ham Polsha va Litva kabi Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoni muhojirlarni Latviya chegarasiga o‘tkazishni osonlashtirish uchun bu jarayonni uyushtirganlikda ayblaydi. Riga Belarus hukumati bundan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanayotganini aytmoqda.
Latviya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Latviya xavfsizlik kuchlari 4210 nafar muhojir chegarani noqonuniy kesib o‘tishining oldini olgan.