Prezident huzurida kambag‘allikni qisqartirish siyosati bo‘yicha selektor bo‘lib o‘tmoqda.
Selektorda aytilishicha, bugungi kunda respublika bo‘yicha kamida 50 ta ish o‘rni yaratgan 9 200 ga yaqin tadbirkor bor.
Ular yaqinda o‘tgan prezident bilan ochiq muloqotdan ruhlanib, ko‘nikmasi va xohishi bor 500 ming odamga ish berishga tayyorligini bildirgan.
Masalan, Baliqchi tumanidagi tadbirkor Xitoy tajribasi asosida kooperatsiya tizimini joriy etib, 520 nafar kambag‘al aholini ishli qilish tashabbusi bilan chiqyapti.
Tadbirkorga kredit berilsa, viloyatning har bir tumanida 1 tadan korxona ochib, unga 30 nafar ehtiyojmand oila vakilini ulushdor qilib kirgizib, 4-5 million so‘mgacha oylik to‘lamoqchi.
Bunda, faqat ehtiyojmand odamlarni ishga olish – kreditning asosiy sharti bo‘ladi.
Andijon viloyatidagi qolgan 58 ta parranda korxonasi ham 4-5 tadan shunday loyiha qilib, 10 ming ehtiyojmand aholini ish bilan ta’minlashga tayyor.
Viloyatdagi 660 ta baliq xo‘jaligi kooperatsiya orqali 10 mingta yangi ish joyi yaratishni tashabbus qilgan.
Prezident bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlab, mutasaddilarga mana shunday loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tizim yaratishni topshirdi.
Andijondagi nasos stansiyalari yonidan kamida 10 gektar yerda 30 sotixlik maydonlar baliqchilik kooperatsiyalariga taklif qilinadi.
Ushbu tajribalarni yo‘lga qo‘yish orqali parranda va baliqchilikda kamida 200 ming ehtiyojmand aholini band qilish mumkin.