AQSh prezidentligiga nomzodlar respublikachi Donald Tramp hamda demokrat Kamala Harris saylov oldidan ilk va katta ehtimol bilan so‘nggi debatini o‘tkazdi. Saylovgacha 2 oydan kamroq vaqt qoldi, shu sababdan ushbu tadbir ikki nomzod uchun katta imtihon bo‘ldi. Harris Trampni 2020 yilgi saylov natijalarini tan olmay, tarafdorlarini Kapitoliyga jo‘natgan qo‘rqoq deya atadi. Tramp esa uni AQShning eng yomon vitse-prezidenti dedi. Amerikalik ekspertlarga ko‘ra, Harris debatda aniqroq gavdalandi, lekin Trampdan qariyb 10 daqiqa kam gapirdi.
Debat oldidan siyosiy kayfiyat qanday edi?
Aytish joizki, debat misli ko‘rilmagan darajada shaxsiy munozara va yolg‘onlarga ham boy bo‘ldi. Debat uchun Filadelfiya shahri, «ABC» telekanali tanlangan. Birinchi navbatda ta’kidlash kerakki, Harris kutilganidan ko‘ra omadli va yonib turgan siyosiy yulduz bo‘la oldi. 2020 yilgi saylovlar oldidan deyarli mablag‘ to‘play olmay tezda kampaniyadan chiqib ketgan Harris bu gal prezident Baydenning o‘rniga nomzodlikni raqiblarsiz egallab, rekord darajadagi pullarni yig‘di. Hattoki, umrida biror marta saylovga pul tikmagan amerikaliklar ham bu gal o‘z xohishi bilan Harris kampaniyasiga mablag‘ o‘tkazdi. Shuningdek, Harris nomzodi tasdiqlangan Demokratik partiya qurultoyi ham aholida katta qiziqish uyg‘otdi, 4 kunlik tadbir respublikachilarnikiga qaraganda ancha gavjum bo‘ldi. Iyul oyida reytinglarda Trampdan o‘zib ketgan Harris avgust oyida u bilan deyarli tenglashdi.
Trampning yettinchi, Harrisning birinchi debati
Debat ikki nomzod bir-biriga qo‘l uzatishidan boshlandi. Tashabbus Harris tomonda, chunki harakatlar shuni ko‘rsatadiki, Tramp tomon Harris bordi va o‘zini tanishtirib, salomlashdi. Bu o‘sha lahzadayoq ijtimoiy tarmoqni hayajonga soldi, demokrat nomzod xushmuomala bo‘lishga intilgani ko‘rindi. Bundan tashqari, Harris Trampga endi sizning qarshingizda menman, siz Baydenga emas, menga qarshi kurashasiz degandek bo‘ldi.
“ABC” kanalining jonli translatsiyasini deyarli 10 million mahalliy tomoshabinlar kuzatdi. Zalda esa biror tomoshabin yo‘q edi, faqat ikki nomzod va ikki boshlovchi. Mikrofonlar esa Bayden hali nomzod bo‘lgan davrda kelishilganidek faqat gapirayotgan tomonda ishladi. Harris kampaniyasi debat oldidan buni o‘zgartirishga urinib ko‘rdi, bunga Tramp kampaniyasi ham qarshi bo‘lmagandi. Ammo, «ABC» telekanali boshidagi kelishuvga sodiq qoldi. Ikki nomzodga ketma-ket savollar berildi. “Amerika ovozi” tahliliga ko‘ra, raqiblar o‘rtasidagi farq keskin va bu har bir savolga javobda yaqqol sezildi. Harris bahsni iqtisoddan boshladi, bu borada Trampda bilim yetishmasligini aytdi.
Tramp ham bo‘sh kelgani yo‘q, immigratsiya siyosati yuzasidan jiddiy tanqid yog‘dirdi. Vitse-prezident ishchilar manfaatlarini himoya qilish tarafdori bo‘ldi, sobiq prezident esa liberallar ya’ni raqib demokratlar Amerikani hujjatsiz immigrantlarga to‘ldirib yuborganini keskin qoraladi. Uning aytishicha, davlatda 12 million hujjatsiz xorijlik yuribdi va bunga demokratlar aybdor. Harris esa Trampning bu gaplarini qabul qilib bo‘lmasligini aytdi.
Harris kutilganidek ayollar huquqlari bir qismi hisoblangan tana erkinligi, ya’ni abort qilishga bo‘lgan ta’qiqni qoralay ketdi. Bu bilan respublikachilarni huquqlarni cheklaganlikda aybladi. Tramp esa bu masalaga jiddiy e’tibor qilmadi yoki chuqurroq muhokama qilishni istamadi. Bilasiz, respublikachilardan vitse-prezidentlikka nomzod Vens bu taklif tashabbuskorlaridan sanaladi. U tug‘magan ayollarni tanqid qilib keladi. Tramp esa buni Oliy sud yelkasiga yukladi, ya’ni buni Oliy sud hal qiladi dedi.
Misli ko‘rilmagan yolg‘onlarga boy debat
Ishsizlik masalasi eng qaynoq va amerikaliklarni hayajonlantiradigan mavzu. Bayden prezidentligida million-million yangi ish o‘rinlari yarata olganidan maqtansa, Tramp uni iqtisodni izdan chiqarganlikda ayblaydi. “Amerika ovozi” tahliliga ko‘ra, har ikki nomzod ish o‘rinlari yaratish va ishsizlik borasida asossiz da’volar qildi. Harris Trampni 2020 yildagi saylov natijalarini tan olmay, o‘z tarafdorlarini Kongressga hujumga jo‘natganini keskin tanqid qilib, uni qo‘rqoq deya atadi. Tramp esa bu gaplarni inkor etib, to‘rt yil oldingi saylovlarni adolatsiz o‘tgan, deya takrorladi. Uning aytishicha, amerikaliklarning deyarli 75 millioni o‘shanda Trampni tanlagan va qayta saylanish uchun bunday natijani hali biror Prezident ko‘rsatmagan. 2021 yil 6 yanvardagi Kapitoliy qamalida ham Respublikachi nomzod demokratlarni aybladi. Xalqaro media platforlari xabarlariga ko‘ra, Tramp misli ko‘rilmagan darajada yolg‘onlarni gapirdi. Migratsiya, inflatsiya, abort va boshqa mavzularda sobiq prezident ketma-ket yolg‘on gaplarni gapirgan. «CNN» telekanali bu borada faktlar tekshiruvini ham o‘tkazdi.
«CNN» telekanali Trampning uydirmalarini bitta joyga jamlamoqda
Faktlar tekshiruvi natijalariga to‘xtalamiz. Harris Trampning siyosati savdo solig‘ini paydo qilishi, bu esa o‘rta sinf vakillari uchun jiddiy muammo bo‘lishini asoslashga urindi. Bu asosli, Harris agar Tramp Oq Uyga qaytsa, yangi tariflarni joriy etishiga ishora qilmoqda.
Tramp esa o‘z boshqaruvi davrida inflatsiya muammosi bo‘lmaganini aytdi. Faktlar tekshiruviga ko‘ra, bu yolg‘on. Chunki Tramp prezidentligi davrida inflatsiya darajasi 7,8 foizni tashkil qilgandi. Ayniqsa Covid-19 pandemiyasi iqtisodga zarba bergan.
Trampning yana bir gapi – muhojirlar AQShga qamoqxonalar va ruhiy kasalxonalardan kelishmoqda. Millionlab odamlar bizning davlatimizga jinnixonalardan oqib kelmoqda, dedi u. Faktlar tekshiruviga ko‘ra, sobiq prezidentning bu gapiga hech qanday dalil yo‘q. Tramp Bayden davrida hujjatsiz immigrantlar soni oshgandan oshganini aytdi. Tramp bir marta AQShda 21 million odam har oy AQSh chegarasini kesib o‘tayotganini aytdi. Faktlar tekshiruviga ko‘ra, bu katta yolg‘on. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich taxminan 10 millionni tashkil qiladi.
Debatda tashqi siyosat – alohida paragraf
Ikki nomzod bahslashgan mavzulardan asosiysi – shubhasiz Ukraina urushi. Harris Trampning urushto‘xtatar 24 soatlik rejasini qoralar ekan, demak u boy berishga shay deya ta’kidladi. Harris fikricha, bu amerikaga xos ish emas, to‘g‘ri kelmaydi. Tramp esa o‘z fikriga sodiq qolib, bu urush oqibatida odamlar o‘layotgani, buni to‘xtatish kerakligini aytdi. Men urushdagi har bir taraf bilan gaplashib, yechimni, murosani topa olaman, dedi sobiq prezident. Harrisning urg‘u berishicha, Ukrainaga hujum boshlanganda Bayden Kiyevni qo‘llash uchun global koalitsiya tuzgani – katta yutuqdir. Yordam berganimiz sababli Ukraina o‘zini havodan himoya qildi, zarur qurollarga ega ekani uchungina bugun ham Ukraina mustaqil davlat. Agar Tramp prezident bo‘lganida Putin hozir Kiyevda o‘tirgan bo‘lardi, dedi vitse-prezident.
Ukraina urushida Kiyev yutishini xohlaysizmi degan savolga Tramp eng muhimi urushni to‘xtatish deya javob qaytardi. Demokratlarga ko‘ra, Tramp Amerikaning dunyo bilan aloqalarini uzadigan odam. Sobiq prezident esa Amerikaning Afg‘onistonni tark etishini yodga olarkan, buni sharmandali voqea deya atadi. Bayden va Harris Afg‘onistonni tark etishda tinimsiz sharmandali qadamlar tashladi. Milliardlab dollarlik qurol aslaha ortda qolib ketdi, isrof bo‘ldi. Harris esa Baydenni oqladi, Afg‘onistondan chiqishga 4 prezident harakat qilgani lekin buni faqat Baydengina eplaganini qo‘shimcha qildi.
Debat xalqaro media platformalarida eng qaynoq va yonib turgan mavzu bo‘lib turibdi. Ekspertlar to‘xtovsiz fikr bildirmoqda. Harris kampaniyasi debat tugashi bilan bir necha daqiqa o‘tib, ikkinchi raundga tayyorligini oshkor qildi. Hozir «CNN» telekanali ekspertlari fikrlarini taqdim qilamiz.
“Qo‘l siqishdan boshlangan debat shaxsiy munozaraga aylanib ketdi. Lekin bu u qadar ajablanarli holat emas. Tramp Harrisni g‘azablantirdi, shuning uchun ham Harris kampaniyasi ofisi ikinchi raund talabi bilan chiqdi”. – Kevin Liptak
“Tayyorgarlik kunlarining bo‘lishi Harris foydasiga o‘ynadi. Demokrat nomzod Tramp uchun nozik bo‘lgan nuqtalar – irqchilik, abort, urush masalalarini ko‘tardi. Lekin Tramp ham ehtiyotkor edi”. – Manu Raju
“Debatni 10 ta so‘z bilan tariflash kifoya. Harris Tramp oldiga chiqib, siz Baydenga emas, menga qarshi kurashyapsiz, degandek bo‘ldi. Amaliyot mukammal bo‘lmasligi mumkin, lekin bu munozara natijaga ta’sir o‘tkazadi. Yakuniy so‘z saylovchilarga qolmoqda”. – Jyef Zeleni
“Nomzodlar Filadelfiyani tark etishlari mumkin, ammo ular efirni tark etmaydilar. Ikki tomon saylov davomida 62 million dollarga yaqin efir vaqtini zaxiraladi, bu katta ehtimol bilan kuzdagi eng katta bozor degani. Pitsburg ham kamida 32 million dollarlik reklama kutmoqda”. – Stiv Kontorno
“Bu Tramp uchun qiyin bahs bo‘ldi. U o‘zgarishi kerak emasdi, lekin Harrisni ham ushlashi kerak edi. Ammo, Tramp bunday qila olmadi”. – Ebby Filipp
Debatni nomzodlar qo‘l berib xayrlashmasdan tark etishdi. Eslatib o‘tamiz, debat o‘tgan Filadelfiyada bundan 248 yil avval AQSh mustaqillik deklaratsiyasi imzolangandi va shu jihatdan ham bu tarixiy shahar hisoblanadi.
Shohrux Majidzoda tayyorladi.