Bosh prokurorning kambag‘allikni qisqartirish siyosatiga mas’ul o‘rinbosari tayinlandi

O‘zbekiston 19:31 / 11.09.2024 8574

Bundan buyon Hukumatdan tortib tuman tashkilotigacha barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambag‘allik sharoitidan olib chiqish bo‘lishi kerak, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev 11 sentabr kungi selektorda.

Davlat rahbari mutasaddilarni bu borada nazorat ham, so‘rov ham qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Bosh prokurorning sohaga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat uchun mas’ul alohida o‘rinbosari tayinlandi.

U har hafta kamida bitta tumanga borib, kambag‘al oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligini o‘rganadi, kambag‘al oilalarga berilayotgan mablag‘lar egasiga manzilli yetib borishini nazorat qiladi.

Bundan tashqari, bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiya tuzilishi belgilandi. Ijtiimoiy himoya agentligi direktori unga o‘rinbosar bo‘ladi.

Viloyat va tuman komissiyalariga hokimlar boshchilik qiladi.

Komissiya har bir viloyatda bittadan tumandagi ishlarni haftalik muhokama qilib, biriktirilgan rahbarlar faoliyatiga baho beradi. Joylarda ko‘tarilgan masalalarni zudlik bilan hal qilib boradi. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha rejalar ijrosi yuzasidan har oyda prezidentga axborot kiritadi.

Shuningdek, 9 ta iqtisodiy tadqiqot markazlari va oliygohlari ham ilmiy yondashuvlar asosida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bilan shug‘ullanishi belgilandi.

Yig‘ilish davomida mutasaddilarning kun tartibidagi masalalar yuzasidan hisobotlari va rejalari tinglandi.

Ko‘proq yangiliklar: