Albaniya sobiq bosh vaziri Sali Berisha o‘ziga nisbatan mol-mulk bitimi bilan bog‘liq korrupsiya bo‘yicha ayblov ilgari surilganini ma’lum qilib, buni siyosiy xarakterga ega qadam deb atadi.
O‘tgan yilning oktyabr oyida prokuratura uni kuyovi Jamarber Malteziga poytaxt Tiranada 17 ta ko‘p qavatli uy qurish uchun davlat yerlarini xususiylashtirishga yordam berishda xizmat mavqeini suiiste’mol qilganlikda ayblagan edi.
Demokratlar partiyasi yetakchisi bo‘lgan 79 yoshli Berisha dekabrdan beri uy qamog‘ida qolib kelyapti, u har ikki haftada idoraga borib, ro‘yxatdan o‘tish talabini bajarmagani uchun shunday jazoga tortilgan. Shuningdek, uning xorijga chiqishi ham taqiqlangan.
11 sentabr kuni Berisha Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha maxsus tuzilmaga olib ketilgan va yarim soat davomida unga qo‘yilgan ayblovlar o‘qib eshittirilgan. Sobiq bosh vazirning aytishicha, uning qo‘liga salkam 500 varaqli ayblov hujjatlari topshirilgan.
Biznesdan tashqari siyosat bilan ham shug‘ullanuvchi Maltezi ham politsiyaga chaqirilgan bo‘lib, unga nisbatan ham korrupsiya bo‘yicha rasman ayblov e’lon qilingan. 2023 yil dekabr oyida parlament Berishaning daxlsizlikdan mahrum etgandi.
Sobiq bosh vazir o‘zining hibsga olinishi va tergov jarayonini tanqid qilib, buni amaldagi hukumat rahbari Edi Ramaning buyrug‘i bilan amalga oshirilayotgan siyosiy repressiya deb atagan.
Berisha 2005 yildan 2013 yilga qadar Albaniya bosh vaziri, 1992-1997 yillar oralig‘ida esa mamlakat prezidenti bolgan. 2021 yilgi parlament saylovlarida esa Demokratlar partiyasi deputati etib saylangan.