«Agar Tramp prezident bo‘lganida, Putin hozir Kiyevda o‘tirgan bo‘lardi». Nomzodlarning ilk debati qanday o‘tdi?

Jahon 12:12 / 11.09.2024 24319

Muhokamaning birinchi qismi va ABC boshlovchisi Devid Myuirning ilk savoli iqtisodiyotga bag‘ishlandi. «Sizlar amerikaliklar to‘rt yil oldingidan yaxshiroq yashayapti deb ishonasizmi?» — deya so‘ragan u.

Harris birinchi bo‘lib javob qaytargan va «imkoniyatlar iqtisodiyoti»ni qurishni rejalashtirayotgani haqida gapirgan. U turar joy narxlari muammosini hal qilish, yosh oilalarga hamda kichik biznesga yordam berishni va’da qilgan.

Tramp demokratlar to‘rt yil davomida iqtisodiyotni yakson etishgani, Harris esa shunchaki Jo Baydenning iqtisodiy dasturini ko‘chirib olganini aytgan.

«Donald Tramp bizni Buyuk inqiroz davridan buyon eng yomon ishsizlik darajasi bilan qoldirdi. Biz [demokratlar] qilgan bor ish — Donald Tramp hosil qilgan tartibsizlikni bartaraf qilish bo‘ldi», — degan Harris.

Win McNamee / Getty Images

«Loyiha 2025» va «marksist» Harris

Vitse-prezident Donald Trampning yangi muddati qanday bo‘lishi mumkinligi haqida gap ketadigan «Loyiha 2025»ga alohida to‘xtalib o‘tgan. Demokratlar o‘z dasturini mazkur hujjatga qarama-qarshi qo‘yishadi.

Qariyb ming sahifaga yetuvchi loyiha muallifi Heritage fondi hisoblanadi. Sobiy prezidentning o‘zi undan masofa saqlashga harakat qiladi, lekin uning ittifoqchilari hujjatni tayyorlashda ishtirok etgan.

Debatlar chog‘ida sobiq prezident yana bir bor «Loyiha 2025»ga aloqasi yo‘qligini ta’kidlab, uni o‘qimagani va o‘qish niyati ham yo‘qligini bildirdi.

Nomzodlar bir necha martadan bir-birini yolg‘onchilikda ayblashdi. Muhokama boshida Harris tomoshabinlar Trampdan «bir olam yolg‘on, shikoyatlar va nomlarni eshitishi»ni aytib o‘tdi.

Tramp Kamala Harrisni Stenford universitetida iqtisodchi sifatida dars bergan otasiga bog‘lashga urinib, uni «marksist» deb atadi.

«Agar uni qachondir saylashsa, u barchasini o‘zgartiradi. Va bu mamlakatimiz uchun yakun bo‘ladi. U marksist, u marksist ekanini barcha biladi. Uning otasi — iqtisod sohasida marksist professor bo‘lgan va u qizini yaxshi o‘qitgan», — degan Tramp.

Harris bir necha bor Trampga yuzlanganida va uning so‘zlarini izohlayotganida «sharmandalik» so‘zini ishlatdi.

«Jahon yetakchilari Donald Trampning ustidan kulishadi. Men harbiy rahbarlar bilan gaplashganman, ulardan ayrimlari siz bilan ham ishlashgan va ular siz — sharmanda ekaningizni aytishadi», — degan Harris sobiq prezidentga o‘girilib.

«Putin sizni tushlikka yeydi»

Reklama uchun tanaffusdan keyin gap Ukrainadagi urush haqida bordi.

Tramp urush to‘xtashi kerakligi va u bunga erisha olishini aytgan. U yana bir bor buni (agar saylovda g‘alaba qozonsa)lavozimga kirishgunicha hal qilishini takrorlagan.

U Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiyni yaxshi bilishi, ular ham uni hurmat qilishini aytib o‘tgan.

«Ular meni hurmat qilishadi, Baydenni esa yo‘q. Uning nimasini hurmat qilishsin?» — degan u.

Harris bunga javoban Trampga u saylovda Bayden bilan emas, u bilan kurashishini eslatib o‘tgan.

«Bizning NATO bo‘yicha ittifoqchilarimiz siz endi prezident emasligingizdan juda minnatdor, — degan Harris Trampga murojaat qilib. — Agar Donald Tramp prezident bo‘lganida, Putin hozir Kiyevda o‘tirib, Polshadan boshlab butun Yevropaga ko‘z tikayotgan bo‘lardi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin — «[Tramp]ni tushlikka yeb qo‘yadigan diktator».

Tramp Harrisni «tarixdagi eng yomon vitse-prezident» deb atagan va vitse-prezident ekanida urushning oldini ololmaganini eslatgan.

Nomzodlar yana nimalar deyishdi?

Abort: Tramp AQShda chaqaloq tug‘ilganidan keyin ham abort qilish qonuniy bo‘lgan shtatlar borligini aytdi, uning bu gapi debatlar boshlovchisi tomonidan rad etildi. Tramp abortlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasiga veto qo‘yishi borasidagi savolga javoban sobiq prezident buni muhokama qilishdan ma’no yo‘qligi, chunki bunday qonun Kongressda qo‘llab-quvvatlanmasligini aytdi. Harris abort qilishga konstitutsion huquq tiklanishini yoqladi, shtatlar homiladorlikni to‘xtatishga qarshi o‘z cheklovlarini o‘rnata boshlaganidan keyin ayollar duch kelayotgan qiyinchiliklar haqida gapirdi. U Trampning abortlar sohasidagi siyosati amerikalik ayollarni haqoratlashini ta’kidladi.

Migratsiya: Migratsiya to‘g‘risidagi savolga javob berarkan, Tramp shu kunlarda ayrim respublikachilar tarqatayotgan fitna nazariyasini takrorladi — unga ko‘ra, AQShda migrantlar go‘yoki uy jonivorlarini yeb qo‘yayotgani aytiladi. Boshlovchi gapga qo‘shilib, Trampning gapida keltirilgan Ohayo shtati Springfild shahri siti-menejeri mish-mishlarni rad etib, o‘zi bunday gapni aytmaganini aytib chiqqanini eslatgan. Bu esa sobiq prezidentga umuman yoqmadi. Tramp gapirayotganida Harrisning mikrofoni o‘chiq edi, shuning uchun u faqat bosh chayqab, kulimsirab turdi.

Tramp manziliga ayblovlar: Kaliforniyaning sobiq bosh prokurori bo‘lgan Harris Trampning «migrantlarning jinoyatlari» haqidagi so‘zlariga javoban uning jinoiy o‘tmishi mavzusini ko‘tardi. «Bu gapni milliy xavfsizlik, iqtisodiy jinoyatlar, saylovlarga aralashuv bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan odam aytmoqda», — degan u. Bunga javoban Tramp unga qarshi ochilgan ishlarning barchasi — soxta ekanini aytgan.

Kapitoliy shturmi: Tramp oldingi saylovdagi mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortib, u tufayli 2021 yil 6 yanvarida Kapitoliy shturm qilinganidan afsuslanmasligini bildirgan. «Men qariyb 75 mln ovoz oldim, bu qachondir har qanday amaldagi prezident olganidan ko‘proq», — degan u. Tramp shuningdek Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosini Kapitoliy shturmi chog‘ida xavfsizlikni ta’minlay olmaganlikda ayblagan.

Isroilning Hamas bilan urushi: Harris bu masaladagi oldingi bayonotlaridan ayrimlarini takrorlab, Isroil o‘zini mudofaa qilish huquqiga egaligi, ammo u buni qanday amalga oshirishi muhimligini ta’kidladi. «Bu urush yakunlanishi kerak. Unga zudlik bilan barham berilishi lozim», — degan u. Tramp esa agar men prezident bo‘lganimda, mojaro hech qachon boshlanmagan bo‘lardi deb aytdi. «U Isroildan nafratlanadi. Agar u prezident bo‘lgudek bo‘lsa, Isroil ikki yildan keyin mavjudligini yo‘qotadi deb hisoblayman», — degan Tramp.

Harris o‘z so‘zi yakunida yana bir bor Demokratik partiyaning avgust oyidagi qurultoyida aytgan gapini takrorladi: «Biz ortga qaytmaymiz». U yana bir bor barcha amerikaliklar prezidenti bo‘lishni istayotganini aytdi. Harrisning so‘zlariga ko‘ra, u va Trampning Amerika bo‘yicha qarashlari butkul farqlanadi.

Tramp esa so‘zi oxirida yana bir bor Harrisga tashlandi va uning siyosiy dasturi hech narsani anglatmasligini va u vitse-prezident lavozimidagi to‘rt yilda hech qanday ish qilmaganini aytdi. «Siz amerikaliklar ishonmaydigan narsalarga ishonasiz, — degan u. — Biz — jiddiy pasayish holatidagi mamlakatmiz. Butun dunyoda ustimizdan kulishmoqda».

Brian Snyder / Reuters / Scanpix / LETA

AQShning sobiq prezidenti, 78 yoshli Donald Tramp Respublikachilar partiyasining iyul oyidagi qurultoyida rasman prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgandi.

AQShning amaldagi vitse-prezidenti, 59 yoshli Kamala Harris Jo Bayden saylov poygasidan chiqishi ortidan, avgust oyi boshida Demokratik partiyaning prezidentlikka nomzodi sifatida ko‘rsatildi — amaldagi prezident iyun oyida Tramp bilan debatda muvaffaqiyatsizlikka uchragani tufayli nomzodini qaytarib olishiga to‘g‘ri kelgandi.

Seshanba kuni Bayden jurnalistlarga debat arafasida Harris bilan gaplashgani haqida aytdi. «U xotirjam, sovuqqon va fikrini jamlagan. O‘ylaymanki, u buni a’lo darajada uddalaydi. Va men unga qanday maslahat berganimni sizga aytmoqchi emasman», — degan u.

Trampning shtabi vakillari jurnalistlarga sobiq prezident debatdan oldingi kunlarni Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida o‘tkazayotgani va «juda yaxshi kayfiyatda ekani»ni bildirgandi.

CNN telekanalining demokratlar shtabidagi manbasi Harris seshanba kunini jamoa bilan debat davomida bo‘ladigan savol va mavzularni, shuningdek ehtimoliy ssenariylarni muhokama qilish bilan o‘tkazganini aytgan.

So‘rovlarga ko‘ra, debatlar arafasida ikki nomzodni qo‘llab-quvvatlash darajasi taxminan bir xil edi.

Tramp uchun bu ilk marta 2016 yilgi saylovlarda nomzodini qo‘yganidan buyon yettinchi saylovoldi debatlari bo‘ldi. Harris uchun esa bu ilk tajriba. Qolaversa, ikki nomzod ham shu vaqtga qadar hech qachon shaxsan uchrashmagan va bir-biri bilan gaplashmagandi.

Debatlar Filadelfiyadagi (saylovlarda hal qiluvchi shtatlardan biri sanalgan Pensilvaniyaning eng yirik shahri) Konstitutsiyani o‘rganish bo‘yicha milliy markazda o‘tkazildi va ikki marta reklama tanaffuslari bilan birgalikda 90 daqiqa davom etdi.

Debatlar formati iyundagidan o‘zgarmadi — studiyada tomoshabinlar yo‘q edi, savollarni ABC boshlovchilari Devid Myuir va Linsi Devis berib turishdi, nomzodlardan biri gapirayotganida, uning muqobilining mikrofoni o‘chirib qo‘yildi.

Bundan tashqari, nomzodlar o‘zi bilan oldindan tayyorlangan matnlarni olib kirishiga ruxsat berilmadi, reklama vaqtida esa shtablar xodimlari ular bilan muloqot qilolmasdi. Shuningdek, debat ishtirokchilari bir-birini savolga tuta olmasdi, bu ish bilan faqat boshlovchilar shug‘ullandi.

Nomzodlar saylovga qadar yana bir bor debat o‘tkazish-o‘tkazmasligi noma’lum. Ikki shtab ham bunday ehtimolni istisno etmagan. Tramp  navbatdagi raundni sentabrda o‘tkazishni taklif etgan, Harrisning kampaniyasi bayonotida oktyabr haqida gap boradi.

Bu vaqtda CNN telekanali o‘tkazgan so‘rov ishtirokchilarining ko‘pchiligi (63 foiz) demokratlar nomzodi Kamala Harris g‘alaba qozonganini aytishgan. 

Ko‘proq yangiliklar: